Surxonda “Salomatlik marafoni”ga start berildi
Surxondaryo viloyatida bir oy davom etadigan “Salomatlik marafoni” bugun erta tongdan Termiz shahrida “Salomatlik sari 10 ming qadam!” shiori ostida ommaviy yurish tadbiri bilan boshlandi.
Sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilingan piyoda yurish marafoni ishtirokchilari shahar ko‘chalari bo‘ylab o‘n ming qadam masofaga harakatlandi, jismoniy faolligini yanada oshirdi.


Viloyatda joriy yil 1-30-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan “Salomatlik marafoni” doirasida viloyatning barcha hududlarida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari, ommaviy yugurish va yurish marafonlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, targ‘ibot aksiyalari, bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi. Sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinib, ommaviy sportni rivojlantirish va jismoniy faollikni oshirish yuzasidan tegishli vazifalar amalga oshiriladi. Aholiga qulaylik yaratish uchun hududlarda maxsus “Tibbiyot nuqtalari” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mamlakatimizning ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va viloyatdagi tibbiyot muassasalarining eng tajribali shifokorlari bepul, chuqurlashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Aholi UTT, EKG, jarroh, kardiolog, nevrolog, oftalmolog, pediatr, onkolog va boshqa tor yo‘nalishdagi mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishi uchun qulay imkoniyat yaratilmoqda. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, kasalliklarning oldini olish va jismoniy faollikni oshirish kabi mavzularda tibbiy maslahat va tavsiyalar beriladi.


Marafonning tantanali ochilishi bugun kechki payt bo‘lib o‘tadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri