Suv ta’minoti tizimi yanada mustahkamlanmoqda
Mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida suv ta’minoti tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Ayniqsa, soha korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, energiya tejamkor uskunalardan samarali foydalanish hamda aholiga sifatli va uzluksiz xizmat ko‘rsatish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Bu kabi chora-tadbirlar nafaqat tarmoqlarning barqaror ishlashini ta’minlamoqda, balki iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ham yangi darajaga olib chiqmoqda.
Ana shunday islohotlarning amaliy ifodasi sifatida “Buxoro suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, suv ta’minoti infratuzilmasining ishonchli faoliyatini ta’minlash, avariya holatlarining oldini olish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov hamda Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunov ishtirokida jamiyat tasarrufiga 45 dona zamonaviy maxsus texnika topshirildi.
[gallery-29549]
Mazkur maxsus texnikalar o‘zining yuqori unumdorligi, qulayligi va zamonaviy texnologik imkoniyatlari bilan ahamiyatlidir. Ular orqali suv tarmoqlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni qisqa vaqt ichida aniqlash, avariya holatlariga tezkor munosabat bildirish, ta’mirlash va tiklash ishlarini samarali tashkil etish imkoniyatlari yanada kengaydi.
Bu esa o‘z navbatida ichimlik suvi tarmoqlarining ishonchliligini oshirish, tizimning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash hamda aholiga uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish darajasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi texnikalarning foydalanishga topshirilishi hududlarda suv ta’minoti sifati va barqarorligini yaxshilash, avariya va nosozliklarning oldini olish, maxsus xizmatlar tezkorligini oshirish hamda infratuzilma ob’ektlaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan ham ahamiyatlidir.
Tadbir davomida sohani yanada rivojlantirish, suv ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda suv ta’minoti sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadri va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Buxoroda topshirilgan yangi maxsus texnikalar esa ushbu sa’y-harakatlarning yana bir muhim qadami sifatida sohaning kelgusi rivojida muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari