Onkologik yordamni xalqaro standartlar asosida yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi endilikda «Gustave Roussy International – Uzbekistan» loyihasi va brendi ostida o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Toshkentda mazkur loyihaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bu yangilanish mamlakatimizda soha rivojini ta’minlash hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashda tarixiy ahamiyatga ega.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov, Fransiyaning Gustav Russi onkologiya markazi bosh direktori Fabris Barlezi boshchiligidagi delegatsiya va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Shuningdek, marosimda O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyev onlayn formatda, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ualid Fuk esa bevosita qatnashdi.
Qayd etilganidek, ushbu loyiha Prezidentimizning o‘tgan yili Fransiyaga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida hayotga tatbiq etilmoqda. U yurtimizda sohani xalqaro andozalar asosida modernizatsiya qilish, ilg‘or klinik amaliyotlarni joriy etish va zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirishga yo‘naltirilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Mazkur hamkorlik bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish va aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA