Sobiq bitiruvchi o‘zi tahsil olgan maktabda ochiq dars o‘tdi
Bulung‘ur tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sobiq bitiruvchisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining energetika muammolari bo‘yicha ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori Abdulatif Shavozov o‘zi tahsil olgan ta’lim maskaniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida olim maktab ustozlari va o‘quvchilari bilan uchrashib, samimiy suhbat qurdi. Shuningdek, ta’lim muassasasiga suv kuleri, badiiy va ilmiy adabiyotlar to‘plamini sovg‘a qildi.

Uchrashuv doirasida bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun «Energiya tejamkorligi» mavzusida ochiq dars tashkil etildi. Unda energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligining ahamiyati va bu boradagi bilimlarning hayotdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Darsda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga sohaga oid kitoblar taqdim etildi.


Ta’kidlash joizki, sobiq bitiruvchilarning o‘zi ta’lim olgan maktab bilan aloqalarni saqlab qolishi, ustozlar mehnatini qadrlashi va yoshlar kamolotiga hissa qo‘shishi muhim ahamiyatga ega. Bunday uchrashuvlar o‘quvchilarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni kitobxonlikka keng jalb etish hamda kelajakda munosib mutaxassis bo‘lib yetishishiga rag‘bat bag‘ishlaydi.
O‘zA