Toshkentda pulli parkovka: tizim qanday ishlaydi, kimlarga imtiyoz, kimga jazo bor?
Poytaxt markazida avtomobillar soni ortib, to‘xtab turish (parkovka) joylariga talab keskin kuchaydi.
Avvallari ayrim markaziy ko‘chalarda to‘xtashni, to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilar yoki sariq chiziqlar to‘xtashni taqiqlagan bo‘lsa, bugun maxsus ajratilgan hududlarda pulli parkovkalar paydo bo‘lmoqda.
Pulli parkovka dunyo megapolislari uchun yangilik emas. London, Parij, Nyu-York, Dubay kabi shaharlarda yo‘l chetidagi parkovka transport harakatini boshqarish tizimining bir qismi hisoblanadi.
Bunday mexanizmning vazifasi faqat pul yig‘ish emas, balki cheklangan parkovka joylaridan samarali foydalanish, avtomobilning bir joyda uzoq vaqt turib qolishini kamaytirish va joylar aylanmasini ta’minlashdan iborat.
Qolaversa, yo‘llar chetida mashinalar qatorlashib ketgani bois yuzaga keladigan tirbandliklarning oldi olinadi, chunki pulli parkovkada turgan mashinalar orqasiga yoki yon tomoniga hech mashina qo‘yib ketish mumkin emas.
Poytaxtimiz Toshkentda paydo bo‘lgan yo‘llar chetlaridagi parkovkalar – «Poytaxt parking» tizimi joriy etildi. Tizimning maqsadi – avtomobillarni tartibli parkovka bilan qamrab olishga qaratilgan.
Chunki shu paytgacha tartibsiz ravishda qoldirib ketilgan, qatnov qismi, piyodalar yo‘lagi, hatto yashil zonalarga qo‘yilgan mashinalardan aholi aziyat chekib keldi. Ayniqsa, yo‘llar chetiga 2-3 qator qilib, tartibsiz qo‘yilgan mashinalar tirbandiliklarga ham sabab bo‘layotgan edi.

«Poytaxt parking» qanday tizim?
«Poytaxt Parking» – poytaxtdagi yo‘l chetidagi pulli parkovkalarni yagona tizim asosida tashkil etish va boshqarishga qaratilgan loyiha.
Shu o‘rinda kompaniya qachon tashkil etilganiga to‘xtalib o‘tsak. «Poytaxt Parking» loyihasi – «STREETPARK SYSTEMS» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lib, kompaniya 2024-yil dekabr oyida auksion g‘olibi bo‘lgan. Loyiha esa 2025-yil may oyida ishga tushirilgan.
Loyihaga 88 milliard so‘m, ya’ni qariyb 7,4 million dollar miqdorida investitsiya kiritilgan. Mablag‘lar to‘xtash zonalarini jihozlash (yo‘l chiziqlari, yo‘l belgilari, obodonlashtirish), to‘lov infratuzilmasini yaratish, mobil ilovani ishlab chiqish hamda inspektorlik xizmatini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan.
Tizim joriy etilishi bilan parkovkadan foydalanish, to‘lov, imtiyozlar va nazoratni raqamlashtirishga qaratilgan mexanizmlar paydo bo‘ldi.
Ammo har qanday yangi tizim kabi bu loyiha ham jamoatchilikda savollar paydo qildi: parkovka uchun qachon va qancha to‘lanadi, kimlarga imtiyoz bor, to‘lov qilinmasa nima bo‘ladi va avtomatlashtirilgan nazorat qanday ishlaydi? Bu kabi savollarga mutasaddilardan olingan javoblar asosida quyida javob mavjud.
Aytib o‘tish kerakki, yo‘l chetidagi parkovkalar uchun to‘lov miqdori belgilangan zonalarga bog‘liq. Zonalar esa ko‘chalarning joylashuvi va markazga yaqinligi bilan belgilanadi. Hozirgi paytda tariflar quyidagicha: 1-zona – soatiga 12 ming so‘m, 2-zona – 10 ming so‘m, 3-zona – 8 ming so‘m, 4-zona – 6 ming so‘m, 5-zona – 5 ming so‘m.
Avtomobilda ko‘p harakatlanadiganlar uchun
abonement bormi?
Poytaxtda tez-tez harakatlanadigan haydovchilar uchun abonementlar ham taklif etilgan. Ular orasida «Yengil», «Faol», «Doimiy» va «Limitsiz» kabi tariflar bor.
«Yengil» tarifi uchun oyiga 59 ming so‘m, «Faol» tarifi uchun oyiga 99 ming so‘m, «Doimiy» tarifi uchun oyiga 199 ming so‘m, «Limitsiz» tarifi uchun oyiga 1,2 million so‘m to‘lash talab qilinadi.
Rezidentlik ruxsatnomasi kimlarga beriladi?
Pulli parkovka zonasida yashaydigan aholi uchun rezidentlik ruxsatnomasi joriy etilgan. Ushbu ruxsatnoma uyi atrofidagi pulli parkovka joylaridan foydalanishda rezidentlarga alohida imkoniyat beradi.
Rezidentlik ruxsatnomasini rasmiylashtirish uchun my.gov.uz portalida alohida davlat xizmati mavjud. Hozirgi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, xizmat bepul, ruxsatnoma bir yil amal qiladi va bir xonadon manziliga ikkitagacha ruxsatnoma beriladi.
Aytib o‘tish kerakki, rezidentlik ruxsatnomasi tungi vaqtda, ya’ni soat 20:00 dan ertalabki 08:00 gacha bepul amal qiladi. Agar siz avtomobilni kunduzi ham (soat 08:00 dan 20:00 gacha) mazkur joylarda imtiyozli qo‘yishni istasangiz, yillik 1 BHM (bazaviy hisoblash miqdori – hozirda 412 ming so‘m) miqdorida to‘lovni amalga oshirishingiz kerak. Bu to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng ruxsatnoma kunning istalgan vaqtida (24/24) bepul to‘xtab turish huquqini beradi.

Parkovka uchun to‘lov qanday amalga oshirilmoqda
yoki to‘lamasa nima bo‘ladi?
Yo‘l chetidagi parkovkaga avtomobil qo‘yilganidan keyin «Poytaxt parking» nazoratchilari uni belgilangan tartibda rasmiylashtiradi va mashina egasining telefon raqamiga pulli parkovka uchun to‘lov qilish kerakligi haqida xabarnoma yuboradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pulli parkovkalardan kuniga o‘rtacha 15 ming nafar haydovchi foydalansa-da, ularning atigi 2 - 3 foizi, ya’ni 300 - 450 nafari xizmat haqini to‘lamoqda.
Bugungi kunda haydovchi to‘lovni amalga oshirmasa, hech qanday chora ko‘rilmayapdi. Faqat to‘lanmagan vaqt qayd etilib, ilovada qarzdorlik sifatida aks etadi, biroq uni undirib olishning imkoni yo‘q.
Shu sababli, yo‘l bo‘yidagi parkovkalar uchun to‘lov qilmaganlik uchun javobgarlik belgilash masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Bu masalada qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Unda parkovkaga to‘lov qilmaganlik uchun jarima qo‘llash tartibi nazarda tutilmoqda.
Albatta, mashina qo‘yishga joy topa olmay sarson bo‘lgandan ko‘ra, uni qulay joyga qo‘yib, buning uchun ozgina haq to‘lash ma’qulroq. Parkovkadan foydalangani uchun pul to‘lash haydovchining madaniyatiga, xalqchil tilda aytganda, insofiga bog‘liq.
Avtomobil parkovkada tursa, uning
xavfsizligi kimning zimmasida bo‘ladi?
Yo‘l cheti pulli parkovkasi – qo‘riqlanadigan avtoturargoh emas. Unda qoldirilgan avtomobil avtomatik ravishda operatorning qo‘riqloviga qabul qilingan hisoblanmaydi. Shuning uchun avtomobil tirnalsa, shikastlansa yoki boshqa transport vositasi bilan to‘qnashuv sodir bo‘lsa, zararni qoplash masalasi alohida tartibda hal etiladi.
Bunday vaziyatda hodisani foto va video orqali qayd etish, zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish, mavjud kamera yozuvlarini aniqlash va sug‘urta kompaniyasiga xabar berish muhim.
Zararni kim qoplashi esa hodisaning qanday rasmiylashtirilgani, kim aybdor deb topilgani va sug‘urta shartlariga bog‘liq.
Parkovkadan foydalanishda imtiyoz bormi, yo‘l bo‘yida
joylashgan tashkilotlar uchun-chi?
Bepul to‘xtash joylari faqat shahar hokimi qarori bilan belgilangan toifalar: tezkor xizmatlar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uchun ko‘zda tutilgan.
«Poytaxt Parking» ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l bo‘yidagi to‘xtash joylari umumiy foydalanish ob’ekti bo‘lgani uchun barcha haydovchilar uchun shartlar bir xil. Bu – tashkilotlar uchun alohida imtiyozlar mavjud emas, joylarni aniq bir kompaniyaga biriktirib qo‘yish mumkin emas, deganidir.
Tashkilotlarga qulaylik yaratish maqsadida korporativ kabinet ishlab chiqilgan. Har qanday yuridik shaxs o‘z xodimlarini tizimga ulab, ortiqcha hisob-kitob va hisobotlarsiz, umumiy tariflar bo‘yicha to‘xtash haqini markazlashtirilgan tarzda to‘lashi mumkin.
Tizimda qanday muammolar mavjud?
Asosiy muammo – to‘lovning muqarrar emasligidir. Haydovchilar yillar davomida avtomobilini yo‘llar chetiga qoldirib, buning uchun pul to‘lamaslikka o‘rganib qolgan.
Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoidabuzarliklar ham uchrab turadi: do‘konlar oldidagi joylar konuslar va to‘siqlar bilan «band qilib olinadi», davlat raqamlari to‘sib qo‘yiladi yoki o‘qilmaydigan holga keltiriladi. Ko‘pincha mashinalar chiziqlardan tashqariga, xavfsizlik orolchalariga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, vandalizm holatlari ham kuzatilmoqda: odamlar yo‘l belgilarini buzgani, to‘xtash toshlarini siljitgani, sindirgani, yashil hududlarga e’tiborsiz munosabatda bo‘lib, axlat tashlagani kuzatilmoqda.
Agar parkovkalardan foydalanayotgan haydovchilar o‘z vaqtida belgilangan pulni to‘lab borsa, bu mablag‘ parkovkalarni yanada qulaylashtirish, piyodalar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lar edi.
Albatta, yuqoridagi «Parking» bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar tizimning maqsadini ochib berish maqsadida loyiha mutasaddilari fikrlariga asoslanilgan.
P.S: Shu o‘rinda bu loyihaga nisbatan aholining fikr-mulohazalari ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. «Poytaxt Parking» parkovkalari ko‘pchilik uchun qulaylik yaratishi bilan birga ayrim tor ko‘chalarda ham parkovka chiziqlari paydo bo‘lgani noqulaylik tug‘dirayotganini mas’ullar e’tiborga olsa yaxshi bo‘lar edi.
Yo‘l bo‘yida joylashgan tashkilotlar binolarining kirish qismi oldida parkovka chiziqlari mavjudligi ham ayrim noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Xodimlar o‘z ish joylariga bemalol kirib-chiqishi yoki avtomobildan tushib qolishi uchun joy qoldirilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shifoxonalar, poliklinikalar kabi ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar haqida ham shu fikrni bildirish mumkin.
Umuman, poytaxtda tartib o‘rnatishga qaratilgan loyihaning har tomonlama mukammal va qulay bo‘lishi uchun mutaxassislar yana bir bor bosh qotirishi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA