Kuz-qish mavsumida xavfsizlikka e’tibor kuchaytiriladi
Nurafshon shahrida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda dastlab soha mutaxassislari tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, kuz-qish mavsumida aholi xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlar hamda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish dolzarb vazifalardan biridir. Shu tufayli joylarda bu borada profilaktik tadbirlar kuchaytirilib, aholi turar joylari va ijtimoiy soha ob’ektlarida xavfsizlik holati o‘rganilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda qayd etilayotgan yong‘inlarning salmoqli qismi aholi yashash joylariga to‘g‘ri keladi. Xususan, keltirilgan ma’lumotlarda 799 ta yong‘indan 522 tasi, ya’ni 67 foizi turar joylarda sodir bo‘lgani ko‘rsatilgan. Bu esa profilaktik ishlarni, birinchi navbatda, xonadonlarda kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Maishiy gaz uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanish, elektr tarmoqlariga ortiqcha yuklama tushirish, nosoz isitish moslamalarini ishlatish, tutun mo‘rilarini o‘z vaqtida tozalamaslik yong‘in va is gazidan zaharlanish xavfini oshiradi. Shu bois xavfsizlik talablariga rioya etish nafaqat mas’ul idoralar, balki har bir fuqaroning ham muhim vazifasidir. Toshkent viloyatida favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish, aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Hududdagi 883 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga har to‘rtta mahallaga bir nafardan, jami 197 nafar davlat yong‘in nazorati inspektori biriktirilgan, – deydi Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nurislombek Teshaboyev. – Bu orqali mahallalarda xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, aholi bilan manzilli ishlash va yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi tomonidan “Mahalla muhofazasi” loyihasi Chirchiq shahri, Bo‘stonliq, Zangiota, Toshkent va Qibray tumanlarida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hududlarga malakali xodimlar jalb qilinib, jami 30 nafar xodimning xizmat faoliyati tashkil etildi.
Ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uylarda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari hamda yong‘in-qutqaruv qismlari shaxsiy tarkibi tomonidan jami 370 ming 538 ta xonadon o‘rganildi. Profilaktik tadbirlar doirasida 20 ming 386 ta xonadonga gaz analizatorlari, 13 ming 116 ta xonadonga tutunni aniqlovchi, 18 ming 641 ta xonadonga esa is gazini aniqlovchi datchiklar o‘rnatildi. Shu bilan birga, 72 ming 837 ta uyning ventilyatsiya tizimi hamda 73 ming 162 ta xonadonning tutun mo‘rilari tozalandi. O‘rganishlar davomida jami 36 ming 27 ta kamchilik aniqlanib, ularning 31 ming 202 tasi bartaraf etildi.
Bu raqamlar profilaktik tadbirlarning ko‘lamini ko‘rsatish bilan birga, xonadonlarda xavfsizlik talablariga rioya etish va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish muhimligini ham anglatadi.

Muhimi, amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Toshkent viloyatida 779 ta yong‘in qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga kamdir. Fuqarolarning tan jarohati olish holatlari 4 taga, ya’ni 20 foizga kamaygan. Yong‘inlar oqibatida halok bo‘lganlar soni esa 2 nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkich bilan teng bo‘lgan. Mahallalar kesimidagi tahlillar ham hududlardagi vaziyatni baholash va profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish imkonini beradi. Viloyatdagi jami mahallaning 57,8 foizida yong‘in sodir bo‘lmagan. Ushbu mahallalar yashil darajaga kiritilgan. Yana 24,6 foizida uchta va undan ortiq yong‘in sodir bo‘lgani sababli qizil daraja, mahallalarning 17,7 foizida esa bir yoki ikkita yong‘in qayd etilgani uchun sariq daraja belgilangan.
Mazkur ko‘rsatkichlar yong‘inlar qayd etilmagan mahallalardagi ijobiy tajribani saqlash, xavf yuqori bo‘lgan hududlarda esa profilaktik tadbirlarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan jurnalistlarning bergan savollariga atroflicha javob berildi.
A.Musayev, O‘zA