Smita Pant: “Hamkorlik uchun salohiyat va imkoniyatlarimiz yuqori” (+video)
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik barqaror rivojlanish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ikki mamlakat ham iqtisodiy sheriklik va savdo aloqalarini kengaytirishga e’tibor qaratmoqda. Shuningdek, ularning hamkorligi farmatsevtika, tibbiyot, axborot texnologiyalari, metallar va metallurgiya kabi sohalarda yaqindan rivojlanmoqda.
Toshkentda Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan yillik matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.
Unda Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim so‘zga chiqib, o‘zbek xalqini va ishtirokchilarni Muqaddas Ramazon oyi bilan qutlar ekan, 2025-yilda ikki tomonlama hamkorliklarda erishilgan asosiy yutuq va muhim o‘zgarishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi paytda Hindiston Bosh vaziri Shri Narendra Modi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi samimiy muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga keng yo‘l ochmoqda.
Ana shunday imkoniyatlarga ko‘ra, bugungi kunda tomonlarning mudofaa va xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, sport, ta’lim, tibbiyot, turizm kabi sohalardagi hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda.
– So‘nggi besh yil ichida tomonlar o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi qariyb 500 million AQSH dollaridan 1,3 milliard AQSH dollarigacha oshdi. Bugungi kunda farmatsevtika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, konchilik va transport-logistika loyihalari kabi yo‘nalishlarda hali foydalanilmagan salohiyat va imkoniyatlar katta. 2025-yil sentabr oyida Tehron shahrida Hindiston, Eron va O‘zbekiston o‘rtasida uch tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Hind kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 375 taga yetdi. 2025-yilda Hindistonning O‘zbekistonga kiritgan investitsiyalari 135 foizga oshib, 332 million AQSH dollariga yetdi. Umumiy investitsiyalar hajmi 717 million AQSH dollaridan oshdi. Yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich 1 milliard dollardan oshishiga ishonaman, – dedi Smita Pant.
Matbuot anjumanida joriy yilda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga ham urg‘u berildi. Smita Pant xonimning ta’kidlashicha, hamkorlik uchun muayyan sohalar aniqlangan.
– Hamkorlik uchun farmatsevtika, axborot texnologiyalari, metallar va metallurgiya hamda shu sohalarga oid mahsulotlar, salomatlik mahsulotlari va an’anaviy dorilar kabi yo‘nalishlar belgilangan. Shuningdek, meva-sabzavot sohasi ham e’tiborda. Ayniqsa, O‘zbekistonning quruq meva mahsulotlarini Hindistonga eksport qilish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Yaxshi xabar shundaki, bog‘lanishdagi qiyinchiliklarga qaramay, savdo o‘sishi kuzatilmoqda, – dedi xonim.
Tadbir yakunida elchi ishtirokchilarning savollariga javob berdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/H4MRsMlAHxY" title="Smita Pant: “Hamkorlik uchun salohiyat va imkoniyatlarimiz yuqori”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA