Sharq marvaridi – 2026: uchqur otlar poygasida g‘oliblar aniqlandi
O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “O‘zbegim otlari” zavodiga qarashli otchoparda “Sharq marvaridi – 2026” xalqaro ot poygasi musobaqasi o‘tkazildi.
Sport vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, “O‘zbegim” ot zavodi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilayotgan mazkur musobaqaga xorijlik tajribali hakamlar jalb etildi.
Asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki xalqning milliy merosi, umumiy qadriyatlari ramzi bo‘lgan ot sportini va yilqichilik madaniyatini asrab-avaylash hamda xalqaro maydonda ommalashtirishdir. Shu bilan birga, xalqaro darajada ot sporti sohasidagi an’anaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, zotdor otlarni yetishtirish va ushbu sohada o‘zaro tajriba almashishni tizimli yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.
Musobaqa davomida Axaltaka otlari ishtirokida 4 ta poyga, boshqa zotdor otlar ishtirokida 5 ta poyga hamda Axaltaka ayg‘ir va biya otlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishning mutlaq g‘oliblariga yengil avtomobillar hamda esdalik sovg‘alari berildi.
– Mazkur ot poygalariga tayyorgarlikni uzoq vaqt davom ettirdik, – deydi “O‘zbegim otlari” zavodi jamoasi a’zosi Muhiddin Suyarov. – Ko‘rsatgan natijalarimiz kutganimizdek bo‘ldi. Men ham 1 ming 200 metr masofada Axaltaka zotli “Pula” laqabli otda g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Bundan juda xursandman. Kelgusida ham mamlakatimiz sharafini xalqaro miqyosda himoya qilishga harakat qilamiz.
[gallery-29333]
Bundan tashqari, xorijlik mehmonlar va ot sporti ixlosmandlari uchun tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada milliy yilqichilik an’analari, ot sporti madaniyati va sohada amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib qilindi.
Ishtirokchilar va mehmonlar uchun turli dasturlar tashkil qilinib, tadbir ot sporti muxlislari hamda soha vakillarida katta taassurot qoldirdi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA