Futbolchilarimiz bugun Osiyo kubogida ilk uchrashuvini o‘tkazadi
Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U17 yosh toifasida Osiyo kubogi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning ikkinchi turi doirasida bugun, 10-may kuni “D” va “C” guruhlarida uchrashuvlar o‘tkaziladi.
“D” guruhida ushbu turda O‘zbekiston U17 terma jamoasi Hindiston termasi bilan o‘zaro raqobatlashadi. O‘yin mamlakatimiz vaqti bilan soat 22:00 da Jidda shahridagi “Hall Stadium”da bo‘lib o‘tadi.

Guruhda KXDR terma jamoasi ishtirok etmagani bois Avstraliya bu turda dam oladi.
Shuningdek, “C” guruhida Vetnam – Janubiy Koreya, BAA – Yaman to‘qnashuvi bo‘lib o‘tadi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, 2-turdan o‘rin olgan Birlashgan Arab Amirliklari va Yaman terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda hamyurtimiz Akobirxo‘ja Shukrullayev bosh hakam sifatida faoliyat olib boradi. Unga yana ikki vakilimiz Alisher Usmonov va Islom Azimov qanotlarda yordam beradi.
Kecha “A” va “B” guruhlarida 2-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Saudiya Arabistoni 2:0 hisobida Tojikistonni taslim etib, ochkolarini 6 taga yetkazgan holda yaqqol peshqadam bo‘lib oldi va muddatidan avval keyingi bosqichga o‘tdi. Tailand esa 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qoldi. Myanma va Tojikiston bahsi 0:1 hisobida yakunlandi. Natijada tojikistonlik futbolchilar ilk 3 ochkolariga ega chiqib, jadvalning uchinchi pog‘onasini band etdi.
"B" guruhida esa Xitoy Yaponiyaga 1:2 hisobida yengildi. Qatar esa Indoneziya termasi ustidan 2:0 hisobida zafar quchdi. Natijada Yaponiya 6 ochko to‘plab, guruh peshqadami sifatida pley-off bosqichiga bir tur qolganda yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Qatar va Indoneziya jamoalari gollar nisbatiga ko‘ra 2-3 o‘rindan joy oldi. Xitoy esa hamon ochkosiz qolmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA