Sergelida yangi tajriba boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda yer ustidan o‘tgan metro yo‘nalishi ostida savdo va servis ob’ektlarini tashkil etish tajribasi ko‘rib chiqildi. Davlat yerdan foydalanish huquqini auksionga chiqarib, loyiha va infratuzilmasini tayyorlab bermoqda, qolganini tadbirkorlar amalga oshirmoqda.
Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida shunday ishlar yakuniga yetkazilsa, 137 ta savdo-servis ob’ekti, 1-1,5 mingta ish o‘rni yaratiladi, tuman byudjetiga 20-25 milliard so‘m qo‘shimcha tushum tushadi.
Umuman, yer usti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 23 kilometr hududida bunday loyihalar amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor biznes boshlab, 3 mingta ish o‘rni yaratishi mumkin.
Yerlarning qurilishga ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyihasi bilan birga tayyor paket shaklida auksionga chiqarish bo‘yicha Sergelida yangi tajriba boshlandi.
Ilk bor Yangi Bunyodobod mahallasida 70 sotix yer uy-joy qurish uchun yangicha yondashuv asosida auksionga qo‘yildi. Boshlang‘ich narxi 14 milliard so‘m bo‘lgan ushbu yer uchastkasi 40 milliard so‘mga sotildi.
Eng muhimi, yerni olgan tadbirkor shu kunning o‘zida qurilishni boshladi. Ilgari hujjatlarni kelishishga bir yilgacha vaqt ketar edi. Davlatimiz rahbari mazkur tajribani nafaqat yer uchastkalari, balki sotuvga qo‘yilayotgan davlat ob’ektlari va sanoat zonalariga ham tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
O‘zA