Poytaxtda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Sergeli tumanidagi ayrim maktablar quvvatidan 1,5–2 baravar yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Shu munosabat bilan maktablarda o‘quvchi o‘rnini 2 baravar ko‘paytirish imkonini beradigan yangi loyihadagi maktablar qurishni boshlash taklif etildi.
Yangi loyihaga ko‘ra, sport zali, oshxona va ustaxona binoning yerto‘la qismida joylashtiriladi, yuqori qavatlardan esa sinf xonalari sifatida foydalaniladi. Joriy yilda Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan maktab va bog‘chada ushbu tajribani yo‘lga qo‘yib, «poytaxt tajribasi»ni yaratish topshirildi.
Poytaxtda aholi va turistlar uchun salqin mikroiqlim yaratish maqsadida 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish ishlari boshlanmoqda. Shundan 3 tasi Sergeli tumanining Qo‘shqo‘rg‘on, Sultonobod va Farog‘atli mahallalarida, jami 22 gektar maydonda tashkil etiladi. Ushbu ko‘llar atrofini poytaxt iqlimini mo‘tadil saqlashga, odamlar piyoda sayr qilib, hordiq chiqarishiga xizmat qiladigan zamonaviy maskanlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, «Jo‘n» kanalining Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan 5 kilometrlik qismini betonlashtirish boshlangani qayd etildi. Sergeli va Yangihayot tumanlari hokimlariga yil yakuniga qadar kanal bo‘yida sayilgoh va salomatlik yo‘laklarini tashkil etish topshirildi.
Bundan tashqari, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tgan 16 kilometrlik qismida o‘zanni mustahkamlash ishlari boshlanib, qo‘shimcha 300 gektar maydonda «yashil belbog‘», sayilgohlar, piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil etiladigan bo‘ldi.
O‘zA