Poytaxtning transport tugunlari va bekatlarida sayyohlar uchun bepul yuklab olinadigan xaritalar joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, yil boshidan buyon Toshkent shahriga qariyb 3 million xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Ularning aksariyati tarixiy obidalar, istirohat bog‘lari, bozorlar, kafe-restoranlar va turistik mahallalarni piyoda aylanishni, xotirjam sayr qilishni afzal ko‘radi.
Shu munosabat bilan shaharda yo‘l ko‘rsatkichlari, qulay marshrutlar va raqamli xaritalar tizimini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga avtobus bekatlari, vokzal, aeroport va metro stansiyalarida sayyohlar uchun shahar marshrutlarini ko‘rsatuvchi, mobil telefonlarga bepul va oson yuklab olinadigan xaritalarni joriy etish topshirildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent azaldan toza, ozoda va «yashil» shahar sifatida e’tirof etib kelinganini yodga oldi. Shu bilan birga, ko‘chalar, xiyobonlar va parklardagi tozalik darajasi aholi hamda turistlar talabiga qay darajada mos ekani tanqidiy tahlil qilindi.
Bu masala oddiy ko‘rinsa-da, aslida, yuksak madaniyat va qadriyat ekani qayd etildi. Mahalla raislari, nuroniylar va faollarga aholi bilan birga obodonchilik, daraxt ekish va ularni parvarishlash ishlariga bosh-qosh bo‘lish, yoshlar qalbiga «Tozalik ostonadan boshlanadi» degan qadriyatni singdirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda poytaxt mehmonlari va sayrga chiqqan aholi uchun zamonaviy hojatxonalar yetishmasligi ham tanqid qilindi. Bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqib, shu yilning o‘zida har bir tumanda 15–20 tadan zamonaviy hojatxona qurish uchun yerlarni auksionga chiqarish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, shahar bo‘ylab chiqindi qutilarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladigan bo‘ldi.
O‘zA