Senat: deputat so‘rovlarining sifatini oshirish zarur
Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Komissiya a’zolari, Senat devoni vakillari, mahalliy kengashlar rahbarlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Samarqand viloyatlarida mahalliy kengashlarning jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari natijalari muhokama qilindi.

Kun tartibi doirasida mutasaddilar tomonidan o‘rganishlar davomida aniqlangan holatlar haqida axborot taqdim etilib, mahalliy kengashlar faoliyatidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar berildi. Shuningdek, deputatlar tomonidan ham fikr va mulohazalar bildirildi.
Majlisning ikkinchi qismida 2026-yil birinchi choragi davomida deputatlar tomonidan yuborilgan so‘rovlar, ularga berilgan javoblar hamda intizomiy choralar amaliyoti ko‘rib chiqildi.

Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda tahlil natijalari ko‘rsatishicha, ayrim deputat so‘rovlariga to‘liq javob berilmayapti. Xususan, oddiy murojaatlarni deputat so‘rovi sifatida rasmiylashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Shu munosabat bilan, deputatlardan so‘rov yuborishda belgilangan tartib va talablarga qat’iy rioya qilish, shuningdek, deputat so‘rovlarining sifatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, mahalliy kengashlar faoliyatini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, “E-kengash” axborot tizimi bosqichma-bosqich joriy etilib, hujjat aylanmasi, deputat so‘rovlari va murojaatlar bilan ishlash jarayonlari elektron shaklga o‘tkazilgani qayd etildi. Tizim orqali qaror qabul qilish jarayonlari yanada soddalashtirilmoqda.
Komissiya a’zolari tomonidan mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA