Sayyor qabulda fuqarolarning kadastrga oid muammolari hal etilmoqda
Bugungi kunda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarni joyida o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topish davlat idoralari faoliyatining bosh mezoniga aylandi.
Xususan, fuqarolar eng ko‘p duch keladigan kadastr, yer va ko‘chmas mulk sohasidagi masalalarni hal etish maqsadida tizim rahbarlarining hududlardagi ochiq muloqotlari izchil davom ettirilmoqda. Kadastr agentligi direktori v.b. Sadriddin Turdiyev tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabul ham aynan aholining murojaatlarini tinglash va mavjud muammolarni qonuniy tartibda bartaraf etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Muloqot davomida fuqarolar va tadbirkorlarning kadastr sohasiga oid murojaatlari, yer va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq masalalari hamda mavjud muammolarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
Aholi murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, ularning qonuniy yechimlariga e’tibor qaratilib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi uchrashuvlar fuqarolar va tadbirkorlarning muammolarini yaqindan o‘rganish, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda kadastr sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Sayyor qabul boshqa hududlarda ham davom etmoqda.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA