Maktab o‘quvchilariga insult belgilarini aniqlashni o‘rgatuvchi “FAST – superqahramonlar” xalqaro dasturi joriy etiladi
Insult – inson hayotini sanoqli daqiqalar ichida o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan og‘ir xastalik. Shu bois uning belgilari haqida o‘z vaqtida xabardor bo‘lish muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimizning joriy yil 20-yanvardagi tegishli qarori asosida yurtimizda ilk bor Infarkt va insultga qarshi kurashish Milliy dasturi qabul qilindi. Dasturga ko‘ra, shu yilning 1-noyabridan mamlakatimiz umumta’lim maktablarida “Angels Initiative” xalqaro tashabbus tashkilotining “FAST – superqahramonlar” xalqaro ta’lim dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Loyiha birinchi sinfdan to‘rtinchi sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, ilk bosqichda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 7 ta hamda Samarqand shahar, Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlaridagi 6 ta umumta’lim maktabida mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“FAST” tamoyili insultning asosiy belgilarini oson eslab qolishga yordam beradi. U yuzdagi o‘zgarishlar, qo‘ldagi holsizlik, nutq buzilishi hamda vaqtni boy bermasdan harakat qilish zarurligini anglatadi.
Xalqaro hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan ushbu dastur Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Braziliya, Kanada, Gretsiya, Islandiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Latviya, Slovakiya, Vengriya, Bolgariya va Singapur kabi dunyoning 40 ga yaqin davlatida 2 million nafardan ortiq bolani qamrab olgan.
O‘zbekistonda “FAST — superqahramonlar” xalqaro dasturining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi ishga tushirildi. U orqali dasturga oid ma’lumotlar, ta’limiy materiallar va loyiha doirasidagi yangiliklar bilan tanishish mumkin.
Loyihaning asosiy maqsadi o‘quvchilarga o‘yin va qiziqarli mashg‘ulotlar orqali insultning dastlabki belgilarini tanish, o‘z salomatligi va yaqinlari sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish hamda shoshilinch vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Dasturning yana bir muhim jihati — bolalar nafaqat insultning dastlabki belgilarini tanib olishni o‘rganadilar, balki bu bilimlarni ota-onalari, bobo va buvilariga ham yetkazadilar. Shu orqali oilalarda insult haqida xabardorlik oshib, uning belgilarini erta aniqlash va o‘z vaqtida tez tibbiy yordam chaqirish ko‘nikmalari shakllanadi.
Mashg‘ulotlar davomida bolalar insonning yuzida asimmetriya paydo bo‘lishi, bir qo‘lini ko‘tara olmasligi yoki gapirishda qiyinchilik kuzatilishi insult belgisi bo‘lishi mumkinligini o‘rganadi.
Bunday holatlarda vaqtni boy bermaslik, kattalarni shoshilinch xabardor qilish va “103” raqamiga murojaat etish bo‘yicha amaliy tushunchalar beriladi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tez tibbiy yordam xizmatining ahamiyati singdiriladi.
Dasturning o‘ziga xos jihati, murakkab tibbiy tushunchalar bolalarga ularning yoshi va idrokiga mos ravishda, o‘yin elementlari, qahramonlar va videomateriallar yordamida yetkaziladi.
Umuman, “FAST — superqahramonlar” dasturi o‘quvchilarning sog‘liqni saqlash borasidagi bilimlarini oshirish, oilalarda insult belgilari haqida xabardorlikni kuchaytirish va shoshilinch vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
M.Qosimova,
O‘zA