Sayyor qabulda 22 ta masala joyida ijobiy hal etildi
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash borasidagi islohotlar bardavomligini ta’minlash borasidagi xayrli sa’y-harakatlarda siyosiy partiyalar hamda deputatlar faol ishtirok etib kelishmoqda. Namanganda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkillangan “Xalq bilan birga” dasturi doirasidagi sayyor qabul ham ayni shu ezgu maqsadga qaratildi.
Davlatobod tumanidagi "Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani" axborot kutubxonacida bo‘lib o‘tgan navbatdagi qabulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Zafarjon Xudoyberdiyev, Davlatobod tumani hokimi Anvar Tojimirzayev, Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Sulaymonov hamda mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hozir bo‘lishib, fuqarolarning murojaat-takliflarini tingladilar.

Sayyor qabul davomida 50 dan ortiq murojaatlar qabul qilinib, ularning aksariyati aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va kommunal masalalarga oid bo‘ldi. Xususan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash, elektr energiyasi ta’minoti, soliq masalalari, ish bilan ta’minlash, nafaqa tayinlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish, xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun transport vositasi ajratish kabi masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Murojaatlarni mas’ullar ishtirokida o‘rganish natijasida 22 ta masala joyida ijobiy hal etildi. Jumladan, nodavlat bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilarini uyidan bog‘chaga olib kelish va qaytarish uchun transport vositasi ajratish masalasi bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.

Shuningdek, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan 10 nafarga yaqin fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur tavsiyalar berildi hamda ixtisoslashtirilgan davolash muassasalariga yo‘llanmalar taqdim etildi.
Ishsiz fuqarolarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinib, ayrim fuqarolarning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Nafaqa va ijtimoiy yordam tayinlash bilan bog‘liq qator murojaatlarga ham mas’ul tashkilotlar ishtirokida yechim topildi.

Qo‘shimcha o‘rganish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash yoki tegishli tashkilotlar bilan kelishuv talab qiladigan murojaatlar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi, ijro muddatlari belgilandi va ular deputatlik nazoratiga olindi.
Sayyor qabulda har bir murojaatga shunchaki muammo sifatida emas, balki inson taqdiri va manfaati bilan bog‘liq masala sifatida yondashish zarurligi alohida ta’kidlandi.

“Xalq bilan birga” dasturi doirasidagi bunday ochiq muloqotlar aholi va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, muammolarni joyida o‘rganish va ularga amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.