Farg‘onada partiya faxriylari va faollari taqdirlandi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona shahrida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan tadbirda partiya faxriylari, faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat Kengashi raisi Shohrux O‘ktamov so‘zga chiqib, partiyaning 35 yillik faoliyati, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroki, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida to‘xtaldi.
Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlarini ifoda etish, fuqarolarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni o‘rganish, ularning yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, partiya faoliyatida faxriylarning ko‘p yillik tajribasidan samarali foydalanish, deputatlarning joylardagi faolligini oshirish, aholi bilan ochiq muloqotni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, partiya oldida turgan vazifalarni amalga oshirishda faxriylarning hayotiy tajribasi, deputatlarning tashabbuskorligi va boshlang‘ich partiya tashkilotlarining faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi.
Tantanali marosimda partiya faoliyatida uzoq yillar mehnat qilgan, uning tashkiliy rivojlanishi va jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shgan bir guruh faxriylar hamda deputatlarga «O‘zbekiston XDP iftixori» ko‘krak nishoni topshirildi.
[gallery-32151]
Tadbir davomida partiyaning kelgusidagi ustuvor vazifalari, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, ijtimoiy himoya masalalarida deputatlik nazorati va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA