Pedagog ruhiy barqarorligi — sifatli ta’lim garovi
Termiz davlat pedagogika institutida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari va psixologlari uchun tashkil etilgan uch kunlik “Muvozanat” trening mashg‘ulotlari o‘z nihoyasiga yetdi.
400 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etgan mazkur mashg‘ulotlar pedagoglarning psixologik savodxonligini oshirish, ruhiy barqarorligini mustahkamlash, stressni boshqarish hamda kasbiy charchoqning oldini olishga qaratildi.
Treninglar davomida ishtirokchilar turli psixologik mashqlar, guruhiy topshiriqlar va amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z hissiyotlarini anglash va boshqarish, murakkab vaziyatlarda ruhiy muvozanatni saqlash, ichki imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, pedagoglarning kasbiy faoliyatida uchraydigan ruhiy zo‘riqishlarni yengish, hissiy toliqishning oldini olish, jamoada sog‘lom munosabatlarni shakllantirish hamda kundalik hayotda psixologik barqarorlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar uchun xavfsiz va sog‘lom psixologik muhit yaratish, zo‘ravonlikning oldini olish, tarbiyalanuvchilarning hissiy ehtiyojlarini to‘g‘ri anglash va ular bilan samarali muloqot o‘rnatish yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, pedagogning ruhiy holati, muloqot madaniyati va hissiy barqarorligi ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, o‘z hissiyotlarini boshqara oladigan, ruhan barqaror pedagog bolalarning har tomonlama kamol topishi uchun sog‘lom va ijobiy muhit yaratishga munosib hissa qo‘shadi.
[gallery-32120]
“Muvozanat” trening mashg‘ulotlari ishtirokchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, kasbiy faoliyatda zarur bo‘lgan psixologik yondashuvlarni o‘zlashtirish va amaliy ko‘nikmalarini boyitish imkonini berdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA