Sanoat korxonalarida xalqaro standartlar joriy etilishi jadallashmoqda
Farg‘ona viloyatida mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda sanoat korxonalariga amaliy ko‘mak berish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Azamat Abdurahmonov hududda bo‘ldi. Tashrif davomida Inspeksiya rahbari “WANGAS” MCHJ hamda “JIUHUI ENERGY RABEE” MCHJ korxonalari faoliyati va yangi investitsion loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvlarda korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, modernizatsiya jarayonlari hamda eksport salohiyati atroflicha ko‘zdan kechirildi.
Asosiy e’tibor tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan texnik masalalarni joyida hal etish hamda mahsulotlar sifatini xalqaro standartlarga moslashtirishga qaratildi.


Shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni mazmun-mohiyati, unda belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar tushuntirib o‘tildi.

Muloqotlar chog‘ida mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy sifat infratuzilmasi talablariga rioya etish va xalqaro standartlarni samarali joriy qilish bo‘yicha muhim takliflar muhokama qilindi. Tashrif yakunida tadbirkorlarga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Hamroz Bayonov,O‘zA