Rasmiy munosabat: Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiyasi va daraxtlariga zarar yetkazilmaydi
Fanlar akademiyasi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent botanika bog‘ida daraxtlarni kesish va qazish ishlari olib borilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
“Hozirda Toshkent Botanika bog‘ining bufer zonasida 50 sotix maydonda suv havzasi tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur hudud Botanika bog‘ining kolleksiya maydonlariga kirmaydigan, asosan tabiiy ravishda o‘sib chiqqan o‘simliklar, jumladan, maymunjon, qamish va boshqa yovvoyi o‘simliklar mavjud bo‘lgan hudud hisoblanadi.
Suv havzasi tashkil etilayotgan maydonda Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiyasiga mansub daraxt va butalar mavjud emas.
Mazkur ishlar ekologiya mutaxassislari hamkorligida olib borilmoqda. Hududda ishlarning ekologik talablarga muvofiq tashkil etilishi va mavjud yashil hududlarga zarar yetkazilmasligi nazorat qilinmoqda.
Suv havzasini tashkil etishdan asosiy maqsad Toshkent botanika bog‘ida suv o‘tlari, suv bo‘yida o‘suvchi daraxt va butalarning ekotizimini yaratish, tadqiq qilish va tegishli tavsiyalar ishlab chiqishdir.
Ilmiy maqsadlardan tashqari ushbu suv havzasi mikroiqlim barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayangan holda xulosa chiqarishlarini, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.
O‘zA