Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar: global kuchlar raqobati mintaqani qanday o‘zgartirmoqda?
XXI asr ikkinchi choragiga kelib xalqaro munosabatlar tizimi yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Dunyo tobora ko‘proq ko‘p qutbli shakl kasb etmoqda, iqtisodiy va siyosiy ta’sir uchun kurash esa an’anaviy markazlardan yangi hududlarga ko‘chmoqda. Ana shunday sharoitda ko‘p yil davomida jahon siyosatining chekka hududi sifatida qaralgan Markaziy Osiyo bugun global manfaatlar kesishadigan strategik makonga aylanmoqda.
Gap faqat geografik joylashuv haqida emas. Mintaqa ulkan mineral resurslar zaxirasi, yosh demografik tarkibi, transport-kommunikatsiya salohiyati va energetika imkoniyati bilan xalqaro maydonda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois dunyoning yirik siyosiy va iqtisodiy markazlari endi Markaziy Osiyo bilan munosabatni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga intilmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi ikki-uch yilda mintaqaga nisbatan tashqi qiziqishning keskin ortgani kuzatilmoqda. Bir vaqtning o‘zida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, AQSH, Rossiya, Turkiya, Hindiston hamda Fors ko‘rfazi davlatlari Markaziy Osiyo bo‘yicha alohida strategiya ishlab chiqayotgani bejiz emas. Bu jarayon tashqi ta’sir uchun raqobat emas, balki mintaqa taqdiriga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati uchun kurashning yangi shakli sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Masalan, YeI keyingi yillarda Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Avval munosabatda xavfsizlik va inson huquqi masalasi ustuvorlik kasb etgan bo‘lsa, bugun iqtisodiy sheriklik birinchi o‘ringa chiqqan. Sababi aniq: Yevropa iqtisodiyoti uchun zarur xom ashyo resursi bizda bisyor.
Ayniqsa, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish jarayoni mintaqa ahamiyatini yanada oshirdi. Elektromobil, akkumulyator, yuqori texnologiyali sanoat uchun zarur nodir metallga talab jadal o‘smoqda. Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududidagi zaxira yirik investorlar diqqat markazida turibdi.
Xitoy ham mintaqadagi iqtisodiy ishtirokini kengaytirmoqda. Bir paytlar asosan savdo va infratuzilma loyihalari bilan cheklangan hamkorlik bugun sanoat kooperatsiyasi, yuqori texnologiya va energetika sohalarini qamrab olgan. Pekin Markaziy Osiyoga nafaqat tranzit hudud, balki iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi muhim sherik sifatida qaramoqda.
E’tiborli jihat shundaki, global kuchlar raqobati avvalgidek harbiy ta’sir emas, investitsiya, texnologiya va logistika orqali kechmoqda. Kim ko‘proq sarmoya kiritsa, kim zamonaviy texnologiya taklif qilsa va kim yangi ish o‘rinlari yaratishga hissa qo‘shsa, o‘sha mamlakat mintaqada ko‘proq imkoniyatiga ega.

Bu holat Markaziy Osiyo davlatlari uchun mutlaqo yangi vaziyatni shakllantirmoqda. Ilgari tashqi markazlardan biriga kuchliroq qaram bo‘lib qolish xavfi yuqori edi, bugun davlatlar bir vaqtning o‘zida bir necha sherik bilan hamkorlik qilyapti.
Yana bir muhim omil – energetika sohasida yuz berayotgan o‘zgarishlar. Dunyoda energiya xavfsizligi masalasi tobora dolzarblashib borayotgan bir payt Markaziy Osiyo nafaqat uglevodorod resursi, balki qayta tiklanuvchi energiya imkoniyati bilan ham qiziqish uyg‘otmoqda. Quyosh va shamol energetikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar mintaqa iqtisodiyotiga milliardlab dollarlik investitsiya kirib kelishini ta’minlayapti.
Shu tariqa Markaziy Osiyo xalqaro munosabatda kuzatuvchi emas, balki muhim iqtisodiy va geosiyosiy resursga ega hudud sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu o‘zgarishlar mintaqa davlatlari oldiga yangi imkoniyat bilan birga qo‘shimcha mas’uliyat ham qo‘ymoqda. Zero, tashqi qiziqish ortishi sarmoya va texnologiya olib kelishi barobarida manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini ham kuchaytiradi.
Geosiyosiy bosim emas, geosiyosiy imkoniyat: Markaziy Osiyo qanday yo‘l tanlamoqda?
So‘nggi yillarda xalqaro munosabatda keskinlashib borayotgan raqobat ko‘plab mintaqalarni tanlov oldida qoldirdi. Bir tomonda G‘arb davlatlari, ikkinchi tomonda Xitoy, yana bir tarafda Rossiya kabi yirik kuchlar o‘z ta’sir doirasini saqlab qolish yoki kengaytirishga intilayotgan bir sharoitda Markaziy Osiyo uchun asosiy vazifa tashqi kuchlardan birini tanlash emas, balki milliy manfaatga xizmat qiluvchi muvozanatli siyosatni saqlab qolishdan iborat.
Bu borada mintaqa davlatlari avvalgi davrga nisbatan ancha mustaqil harakat qilmoqda. E’tiborli tomoni shundaki, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi hamkorlarni raqib sifatida emas, balki turli sohalardagi imkoniyat manbai sifatida qabul qilishga o‘tmoqda. Masalan, Xitoy bilan infratuzilma loyihalari amalga oshirilsa, Yevropa bilan sanoat kooperatsiyasi rivojlantirilmoqda, AQSH bilan yuqori texnologiya sohasida hamkorlik qilinmoqda. Bu tashqi siyosatda bir tomonlama qaramlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi raqobatning yana bir muhim xususiyati mintaqa uchun asosiy kurash neft yoki gaz atrofida emas, kelajak iqtisodiyoti bilan bog‘liq resurslar uchun kechayotganida. Jahon iqtisodiyoti raqamlashuv va sun’iy intellekt bosqichiga o‘tar ekan, strategik ahamiyatga ega mineral resurslarga ehtiyoj ortmoqda. Litiy, mis, uran va boshqa muhim elementlar bo‘yicha Markaziy Osiyo ulkan salohiyatga ega hudud sifatida ko‘rilyapti.

Bu holat mintaqa davlatlari uchun xom ashyo eksportchisi bo‘lib qolish yoki yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirining bir qismiga aylanish kabi muhim tanlovni kun tartibiga chiqarmoqda. Agar resurs faqat eksport qilinsa, iqtisodiy foydaning katta qismi tashqi bozorda qoladi. Qayta ishlash sanoati rivojlantirilsa, mintaqa iqtisodiyoti sifati yangi bosqichga ko‘tariladi.
Global raqobatning yana bir natijasi – investitsiya uchun kurash kuchayishi. Ilgari sarmoya asosan tabiiy resurslarga yo‘naltirilgan, endi logistika markazlari, sanoat zonalari, raqamli texnologiya, “yashil” energetika va innovatsion ishlab chiqarish loyihalari birinchi o‘ringa chiqdi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlaridan zamonaviy iqtisodiy boshqaruv, huquqiy kafolat va malakali kadrlar tayyorlashni talab qilmoqda.
Shu nuqtai nazardan inson kapitali kelajakda mintaqa raqobatbardoshligini belgilaydigan asosiy omilga aylanishi kutilyapti. Hozir jahon investorlari arzon ishchi kuchi emas, bilimli mutaxassis, raqamli ko‘nikma va innovatsion muhit izlamoqda. Demak, universitetlar sifati, ta’lim islohoti va ilmiy salohiyat ham tashqi siyosatning bilvosita elementiga aylanmoqda.
Tabiiyki, imkoniyat bilan birga muayyan xatar ham mavjud. Qudratli davlatlar manfaati to‘qnashuvi kuchaygan sari mintaqa tashqi bosimga ham ko‘proq duch kelishi mumkin. Ya’ni, ayrim holatlarda iqtisodiy loyihalar geosiyosiy maqsad bilan uyg‘unlashib ketishi ehtimoli ham bor. Shu bois har bir mamlakat tashqi hamkorlikdan maksimal foyda olish bilan birga strategik mustaqillikni saqlab qolish vazifasiga ham duch kelmoqda.
Markaziy Osiyo kelajagini belgilaydigan eng muhim omil tashqi kuchlar harakati emas, mintaqa davlatlarining o‘z qarorlaridir. Agar mamlakatlarimiz iqtisodiy modernizatsiyani tezlashtirsa, transport va energetika loyihalarini o‘zaro muvofiqlashtirsa, raqamli transformatsiya va ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirsa, global raqobat tahdid emas, taraqqiyot drayveriga aylanadi.
Asosiy xulosa shuki, Markaziy Osiyo endi yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat ob’ekti bo‘lib qolmaydi. Mintaqa asta-sekin o‘z iqtisodiy manfaati, strategik maqsadi va taraqqiyot modelini mustaqil shakllantirishga harakat qilmoqda. Ayni tendensiya saqlanib qolsa, yaqin o‘n yillikda Markaziy Osiyo Yevrosiyo makonidagi eng kuchli o‘sish nuqtasiga aylanishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA