OIV va tuberkulyoz yo‘nalishidagi tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish va strategik xarid qilish masalalari muhokama etildi
Toshkent shahrida GIZ BACKUP Health xalqaro tashkiloti ko‘magida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mas’ul vakillari, OIV va tuberkulyoz kasalliklariga qarshi kurashish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi nodavlat hamda jamoat tashkilotlari, shuningdek, Milliy muvofiqlashtiruvchi qo‘mita (CCM — Country Coordinating Mechanism) ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda joriy etilayotgan tibbiy sug‘urta tizimi doirasida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni strategik xarid qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, OIV va tuberkulyoz kasalliklari bo‘yicha ko‘rsatiladigan tibbiy yordamni moliyalashtirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, sohaga ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va samarali sarflanishini ta’minlash yuzasidan keng muhokamalar o‘tkazildi.
Muloqot davomida ishtirokchilar tibbiy xizmatlarning hajmi, sifati va yakuniy natijadorligini bevosita hududlardagi epidemiologik ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, aholiga ko‘rsatiladigan ushbu turdagi tibbiy xizmatlar uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlovchi yangi va zamonaviy mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan amaliy taklif va ilg‘or yondashuvlar kelgusida OIV va tuberkulyoz yo‘nalishidagi tibbiy xizmatlarni moliyalashtirish jarayonini to‘liq natijaga yo‘naltirilgan hamda real ehtiyojlarga asoslangan holda rivojlantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
M.Qosimova, O‘zA