"Qo‘shchinor" – Parkentning yangi ma’rifat maskani
Kitob – tafakkur chirog‘i, ma’rifat esa taraqqiyot kalitidir. Yosh avlod qalbida ilmga muhabbat, kitobga havas va yuksak maqsadlarga intilish tuyg‘usini uyg‘otadigan ziyo maskanlari jamiyatning ma’naviy kelajagini belgilashda muhim o‘rin tutadi. Parkent tumanida barpo etilgan "Qo‘shchinor" ma’rifat maskanining ochilishi ham ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Zamonaviy majmua aholi, ayniqsa, yoshlarning bilim olishi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Prezident maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov va boshqa atoqli ijodkorlar, olimlar, ustoz va muallimlar, jamoatchilik vakillari hamda deputatlar ishtirok etdi.

Mazkur majmua O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Parkent tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilgan vazifalar doirasida qisqa muddatda barpo etildi. Yangi maskanda zamonaviy axborot-kutubxona markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda yoshlar uchun turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda kitobxonlikni ommalashtirish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ijodiy qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ushbu quvonchli voqea bilan barchani tabriklab, ma’naviyat va ma’rifat maskanlarining jamiyat hayotidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. Prezident maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov ma’rifat va kitobxonlikning yosh avlod kamolotidagi o‘rni, milliy adabiyotimiz va boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazishdagi ahamiyati haqida gapirdi.
Qayd etilganidek, mamlakat taraqqiyoti nafaqat iqtisodiy yutuqlar, balki jamiyatning intellektual salohiyati, ma’naviy yetukligi va yosh avlodning mustaqil fikrlashi bilan ham belgilanadi. Zero, kitobga oshno qalbda ezgulikka intilish, bilimga chanqoq tafakkurda esa yangilik yaratishga rag‘bat uyg‘onadi.

Shu bois yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi va yuksak ma’naviy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularning ilm-ma’rifat sari intilishini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. “Qo‘shchinor” kabi ma’rifat maskanlari esa ana shu ezgu maqsadlar ro‘yobiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda Parkentning boy tarixiy merosi, ilm-ma’rifat va ijod an’analari haqida ham so‘z yuritildi. Bu zamindan yetishib chiqqan atoqli ijodkorlar, olimlar, san’at va madaniyat namoyandalarining mamlakatimiz ma’naviy hayotiga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi.
– Azaldan Parkent zamini ilm-ma’rifat, mehnat va sohibkorlik an’analari bilan qadr topgan, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir. – Mana bugun yangi ma’rifat maskanining foydalanishga topshirilishi yoshlarimiz uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Esimda, ilgarilari barcha bayramlar shu manzilda o‘tkazilardi. Shu bilan birga, belbog‘li kurash musobaqalari ham tashkil etilib, ko‘plab polvonlar o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazardi. Endilikda davlatimiz tomonidan zamonaviy qiyofaga keltirilgan bu maskanga kirgan insonning qalbida ilm nuri yonadi, dili yayraydi. Mamlakatimizning biror joyida bunga o‘xshash joy yo‘q bo‘lsa kerak. Ishonamanki, bu kabi sharoit va imkoniyatlar yoshlarimizning kelgusida ko‘plab yuqori natijalarga erishishida katta poydevor bo‘ladi.

Shu tumandan yetishib chiqqan ustoz ijodkor Orif Odilxonov, O‘zbekiston xalq shoirlari Sharifa Salimova va Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, shuningdek, Dilfuza Shomalikova, Ma’suma Ahmedova, Usmon Bek, Zohidjon Olov kabi ijodkorlarning hayoti va faoliyati yosh avlod uchun ibrat maktabi ekani aytildi. Ulug‘ ajdodlar merosini o‘rganish, ustozlar an’analarini davom ettirish, bugungi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning ijodiy izlanishlariga ko‘maklashish ma’naviy taraqqiyotning muhim shartlaridan biridir. Shu bois yangi ma’rifat maskanida adabiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, ijodiy suhbatlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish taklifi berildi.

Ayni paytda Toshkent viloyatida axborot-kutubxona xizmatini rivojlantirish, aholining kitob mutolaasi uchun imkoniyatlarini kengaytirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda 21 ta axborot-kutubxona markazi faoliyat yuritib, ularning kitob fondi bir million nusxadan ziyodni, foydalanuvchilar soni esa 353 ming nafarni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlar viloyatda kitobxonlikni rivojlantirish uchun zarur infratuzilma shakllanayotganini ko‘rsatadi. Endilikda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, mutolaaga qiziquvchilar safini kengaytirish va yoshlarning kitobga mehrini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda ishtirok etgan ijodkorlar, olimlar va ustoz-murabbiylarning yangi markazdagi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda tashkil etiladigan muntazam uchrashuvlar yoshlarning adabiyot va san’at namoyandalari bilan bevosita muloqot qilishi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishi uchun muhim imkoniyat bo‘ladi.
Markazning barpo etilishida ishtirok etgan mutasaddilar va quruvchilarning mehnati e’tirof etildi. Faxriy mehmonlar majmua xiyoboniga manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdi. Shundan so‘ng barcha mehmonlar birgalikda bu maskanda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va hudud faollari bilan yaqindan suhbatlashildi.

Muxtasar aytganda, yangi “Qo‘shchinor” ma’rifat markazi Parkent ahli, xususan, yoshlarning bilim olishi, ma’naviy kamol topishi va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun xizmat qiladi.
Abdulaziz Musayev,
O‘zA muxbiri