Zilzilaga tayyorgarlik — hayot xavfsizligining muhim kafolati
Tabiiy ofatlarning oldini olish, ularning oqibatlarini minimallashtirish, aholi va xodimlarni favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilishga o‘rgatish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlikni kuchaytirish, profilaktika ishlarini tizimli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosi doirasida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “Zilzila haftaligi” munosabati bilan targ‘ibot va amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bojxona xodimlarining zilzila va boshqa favqulodda vaziyatlar vaqtida sarosimaga tushmasdan, vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda aniq, izchil va xavfsiz harakat qilish bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.
Mashg‘ulotda Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etishib, zilzila sodir bo‘lgan paytda amal qilinishi lozim bo‘lgan xavfsizlik qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Xususan, bino ichida va ochiq hududda to‘g‘ri harakatlanish, xavfsiz joyni tanlash, evakuatsiya tartibi, qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Zilzila oqibatida jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, favqulodda vaziyatlarda ko‘p uchraydigan xato va ehtiyotsizliklarning oldini olish bo‘yicha ham amaliy tushuntirishlar berildi. Mavzuga oid videomateriallar namoyish qilinib, ishtirokchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tkazildi.


Ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda qo‘llaniladigan qutqaruv asbob-uskunalari va maxsus jihozlarning namoyishi tadbirning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi. Mutaxassislar mazkur vositalarning vazifasi, imkoniyatlari va ulardan xavfsiz foydalanish tartibini tushuntirdilar.
Mashg‘ulotda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan ham samarali foydalanildi. Videokonferensaloqa orqali bojxona postlarida xizmat olib borayotgan xodimlarning ham ishtirok etishi ta’minlanib, zarur tavsiya va ko‘rsatmalar ularga ham yetkazildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, favqulodda vaziyat vaqtida insonning hayotini asrab qolishda dastlabki daqiqalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ana shu lahzalarda sarosimaga tushmaslik, to‘g‘ri qaror qabul qilish, xavfsiz joyni tanlash va belgilangan harakatlar algoritmiga amal qilish ko‘p jihatdan insonning hayoti va salomatligini saqlab qolishi mumkin.


Shu nuqtai nazardan, bunday o‘quv mashg‘ulotlari oddiy targ‘ibot tadbiri emas, balki hayot xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga qaratilgan muhim profilaktik chora sifatida ahamiyatlidir. Chunki favqulodda vaziyatga tayyorgarlik faqat maxsus xizmatlarning emas, balki har bir fuqaroning mas’uliyati va burchidir.
Zilzilani oldindan to‘xtatish yoki uning aniq vaqtini inson irodasi bilan belgilashning imkoni yo‘q. Ammo uning ehtimoliy oqibatlariga tayyor turish, xavfsizlik qoidalarini puxta bilish va zarur paytda ularga qat’iy amal qilish orqali talafotlarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri