Mobil kurslar jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi (+video)
Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish, ularning zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali faoliyat yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mobil kasbiy malaka oshirish kursi Andijon viloyatida o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur kurslarda o‘rta bo‘g‘in rahbarlari hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimi xodimlari ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlar Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va amaliyotchi mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Darslar davomida tinglovchilarning kasbiy bilimlarini mustahkamlash, murakkab va nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, boshqaruv salohiyati hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kurs yakunida tinglovchilar bilimlari sinovdan o‘tkazilib, muvaffaqiyatli ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan.
Mobil kurslar — hududlarda kasbiy mahoratni oshirish va jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
M.Turdaliyeva,
N.Abduvoitov (O‘zA)