Senator muammolarni o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay hamda Xo‘jayli tumanlarida bo‘lib,hududlarda aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, ijtimoiy sohadagi ishlar holatini tahlil qilish hamda murojaatlar yechimiga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Jumladan, Shumanay tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoya, nafaqa tayinlash, nogironlik guruhiga chiqish, imtiyozli kredit olish hamda sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq masalalar asosiy murojaatlarni tashkil qildi.

Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim mas’ul tashkilotlar faoliyatidagi kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. Jumladan, tuman tibbiyot va ijtimoiy himoya tashkilotlari vakillariga aholi murojaatlariga o‘z vaqtida va samarali yechim topish borasidagi sustkashliklar yuzasidan e’tiroz bildirildi.

Shuningdek, uchrashuvda Xo‘jayli tumani “Sarishung‘il” mahallasi Nasiyat ko‘chasida yashovchi fuqarolarning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, mahalla hududiga suv kirib kelayotgani va bu holat aholida xavotir uyg‘otayotgani bildirilgan.

Senator murojaat yuzasidan hududda bo‘lib, vaziyatni joyida o‘rgandi va muammoning asosiy sabablari aniqlandi. Xususan, mazkur hududdagi drenaj kollektori qariyb 10 yildan buyon ishlamayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, umumiyuzunligi 6 kilometr bo‘lgan drenaj tarmog‘ida suvoqimi to‘silib, kanallarda suv to‘planibqolayotgani qayd etildi.
Shu jihatdan, kanal hududida damba qurish, 6 kilometrlik drenaj kollektorini to‘liq ta’mirlash va tozalash ishlarini amalga oshirish vazifalari belgilandi. Shu bilan birga, mahallada yangi uylar va xonadonlar soni ortib borayotgani inobatga olinib, aholi uchun qo‘shimcha yo‘l infratuzilmasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Senator tomonidan barcha muammolarni qisqa muddatlarda hal etish, aholi murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish va amaliy natijaga erishish yuzasidan mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.