Qon topshirish va olish mas’uliyati
Bugun tibbiyot sohasiga yurtimizda har qachongidan-da katta e’tibor qaratilmoqda. Inson salomatligi, uning hayoti va qadr-qimmatini asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Zamonaviy tibbiy muassasalar barpo etilib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda. Ammo shunday bir haqiqat bor: binoning zamonaviyligi, jihozlarning yangiligi yoki tizimdagi islohotlardan ham muhimrog‘i — insonning tibbiyot muassasasiga kirganida qanday munosabat va qanday tartibni ko‘rishi.
Chunki fuqaro shifoxona yoki tibbiy markaz eshigidan kirganida, avvalo, inson qadrini, mas’uliyatni, tartibni va e’tiborni his qilishni istaydi.
Bugun Buxoro viloyati qon quyish markaziga qon topshirish maqsadida bordim. Niyatim oddiy — ehtiyojmand insonga yordam berish, balki kimningdir hayotini saqlab qolishga o‘z hissamni qo‘shish edi. Ammo markaz eshigidan kirishim bilanoq odam gavjumligiga duch keldim. Ro‘yxatga olish bo‘limida uch nafar xodim — bir nafar erkak va ikki nafar ayol fuqarolarni navbat bilan ro‘yxatga olayotgan edi. Mendan oldin turgan bir fuqaro o‘zini va yonida turgan kelinoyisini tanishtirib, qon topshirish uchun kelganini bildirdi. Biroq tibbiyot xodimi unga kelinoyisining yoshi kattaligini, qon topshirish jarayonida talab etiladigan miqdorni ko‘tara olmasligini aytdi. Shundan so‘ng haligi fuqaro o‘zini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Keyin esa ukasining ham kelayotganini aytib, uni ham ro‘yxatga kiritish va qon topshirishga ruxsat berishni so‘radi. Ro‘yxatxonadagi xodim esa yo‘q odamni ro‘yxatga kiritmasligini bildirdi. To‘g‘ri. Axir tibbiy muassasada bo‘lmagan odamni uning o‘rniga boshqa birov ro‘yxatdan o‘tkazishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu yerda inson salomatligi, tibbiy ko‘rik, shaxsni aniqlash va mas’uliyat masalasi bor. Ammo voqeaning davomi yanada qiziq bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, haligi fuqaro ukasiga telefon qildi va qayerga kelganini so‘radi. Telefondagi javob esa: “Bolalar shifoxonasigacha keldim” degan mazmunda bo‘ldi. Demak, ukasi hali markazga yetib kelmagan. Shu payt men tibbiyot xodimiga murojaat qilib, meni ro‘yxatga olish va qon topshirishga ruxsat berishini so‘radim. Biroq mendan oldingi fuqaro bilan kelishishim, uning navbati — ya’ni ukasini ro‘yxatga olish jarayoni tugashini kutishim kerakligi aytildi. Shunda men tabiiy savol berdim: “O‘zi yo‘q odamni ham ro‘yxatga olib, qon topshirishga ruxsat beriladimi?” Javob va vaziyat esa kishini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Aslida masala bir nafar fuqaroning navbatida emas. Masala — tibbiyot muassasasidagi tartib, mas’uliyat va bir xil mezon haqida. Agar yo‘q odamni ro‘yxatga olish mumkin bo‘lmasa, unda bu talab hammaga birdek qo‘llanilishi kerak. Agar qon topshiruvchi shaxsan o‘zi kelib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘lsa, bu qoidada istisno bo‘lmasligi lozim. Chunki gap oddiy ro‘yxat haqida ketmayapti.
Gap — inson tanasidan olinadigan qon, uning salomatligi va boshqa inson hayoti uchun mas’uliyat haqida ketmoqda. Qon topshirish — oddiy xizmat emas. Qon — inson hayotini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan eng qimmat ne’matlardan biri. Shuning uchun uni qabul qilish jarayonidagi har bir qadam aniq tartib, sanitariya qoidalari va tibbiy nazorat asosida tashkil etilishi shart.
Yana bir manzara... Nihoyat, menga qon topshirishga ruxsat berildi va maxsus xonaga kirdim. Bu yerda esa odamlar juda ko‘p edi. Ular bu yerga ezgu niyat bilan kelishgan — kimgadir yordam berish, hayot uchun kurashayotgan bemorga ko‘mak berish maqsadida. Biroq shu gavjum muhitda yana bir holat e’tiborimni tortdi. Qon topshiruvchilarning birortasining oyog‘ida baxila yo‘q edi. Endi o‘ylab ko‘ring: tibbiyot muassasasi, odam gavjumligi, qon bilan bog‘liq jarayon va sanitariya masalasi... Shu yerda beixtiyor savol tug‘iladi: Bu tartib kim tomonidan nazorat qilinadi? Albatta, bir qarashda baxilaning o‘zi katta muammo emasdek tuyulishi mumkin. Ammo tibbiyotda mayda deb qaralgan har qanday sanitariya talabi, agar u belgilangan tartibning bir qismi bo‘lsa, o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi kerak. Ayniqsa, bugun yurtimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, uni zamonaviy talablar asosida tashkil etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga katta e’tibor berilayotgan bir paytda bunday manzaralar kishini jiddiy o‘ylantiradi. Davlat rahbari tomonidan tibbiyot tizimiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning zamirida bitta ulug‘ maqsad — inson salomatligi va hayotini asrash, odamlarning tibbiyotga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash mujassam. Shunday ekan, islohotlarning haqiqiy natijasi faqat yuqoridan berilgan hisobotlarda emas, avvalo, oddiy fuqaroning tibbiyot muassasasiga kirganida ko‘rgan munosabati, tartibi va xizmatidan namoyon bo‘lishi kerak.
Fuqaro markazga kirganda: — “Bu yerda hamma narsa tartibli ekan”, — “Meni inson sifatida hurmat qilishyapti”, — “Qoidalar hamma uchun bir xil ekan” degan ishonch bilan chiqishi kerak. Afsuski, bugungi ko‘rganlarim bunday ishonchni emas, aksincha, savollarni ko‘paytirdi.
Masalada kim aybdor? Eng oson yo‘l — bir nafar xodimni ayblash. Ammo muammo bundan kattaroq bo‘lishi mumkin. Agar xodim yo‘q odamni ro‘yxatga olish mumkin emasligini bilsa-yu, biroq uning oldidagi jarayonda bunday urinish yuzaga kelsa, bu holat nazoratga olinishi kerak. Agar bir fuqaroning ukasi hali markazga kelmagan bo‘lsa, uning hujjatlarini rasmiylashtirishga urinishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Agar sanitariya talablari mavjud bo‘lsa, ularni kim nazorat qilayotgani ham aniq bo‘lishi kerak. Zero, tartibni talab qiladigan joyda tartibning o‘ziga rioya qilinmasa, bu eng katta ziddiyatdir.
Bugun men ko‘rgan holat, balki kimgadir arzimasdek tuyulishi mumkin. Ammo insonning tibbiyot muassasasi haqidagi tasavvuri aynan shunday “mayda” holatlardan shakllanadi. Bir kishi ko‘rganini inkor qilish mumkin. Ammo odamlar har kuni ko‘rayotgan munosabat va tartibni inkor qilib bo‘lmaydi.
Tibbiyotda ishonch — nihoyatda nozik tushuncha. Bemor o‘z hayotini shifokorga ishonib topshiradi. Qon topshiruvchi esa o‘z qonini boshqa bir inson hayotiga umid sifatida beradi. Shuning uchun qon topshirish markazidagi har bir jarayon — ro‘yxatga olishdan tortib, tibbiy ko‘rik, sanitariya va qon qabul qilishgacha — yuksak mas’uliyat bilan tashkil etilishi lozim.
Qon topshirishga kelgan insonning niyati ezgu. Uning oldidagi vazifa — hayot saqlashga hissa qo‘shish. U tibbiyot muassasasiga tartibsizlikni ko‘rish uchun emas, yaxshilik qilish uchun keladi. Shunday ekan, bugungi manzara tegishli mutasaddilar uchun ham oddiy bir holat bo‘lib qolmasligi kerak. Masalani o‘rganish, ro‘yxatga olish tartibiga kim va qanday nazorat o‘rnatayotganini ko‘rib chiqish, qon topshirish xonalarida sanitariya talablariga rioya etilishini tekshirish, xodimlarning mas’uliyatini oshirish — bugungi kun talabi. Chunki inson hayoti bilan bog‘liq joyda “shunday bo‘lib qolibdi” degan munosabatga o‘rin yo‘q.
Qon — hayot manbai. Uni topshirishga kelgan inson esa, avvalo, hurmat va ishonchga munosib. Shu sababli bugungi voqea yuzasidan mutasaddilar o‘zlariga oddiy, ammo juda muhim bir savolni berishi kerak: “Bizga ishonib kelayotgan fuqaroning ko‘zi bilan o‘z ish joyimizga qarasak, nimani ko‘rar edik?”
Javob shu savoldan boshlansa, balki qon topshirish markazidagi tartib ham, insonning tibbiyotga bo‘lgan ishonchi ham yanada mustahkamlanar.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri