Jizzax teatri yangi mavsumni ta’sirchan spektakl bilan boshladi
Jizzax viloyati musiqali drama teatrida 105-mavsumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat va san’at sohasi namoyandalari, jamoatchilik faollari, mahalliy aholi, o‘qituvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirning badiiy qismi Nasrullo Qobil asari asosida rejissyor Ilhom Normatov tomonidan sahnalashtirilgan “To‘da” spektakli namoyishi bilan boshlandi.
Asarda hayotda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan, biroq g‘o‘rligi va tajribasizligi tufayli noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan bir guruh yoshlarning taqdiri haqida hikoya qilinadi. Spektaklda soxta muhabbat, yengil-yelpi hayot va yolg‘on va’dalarga ishonib, jinoyat hamda giyohvandlik domiga tushgan yoshlarning ayanchli oqibatlari ta’sirchan tarzda aks ettirilgan.
[gallery-31424]
Sahna asari tomoshabinni ogohlikka, hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashga, zararli illatlar va turli yot ta’sirlardan yiroq bo‘lishga undaydi.
— Teatr insonni o‘ylashga, xulosa chiqarishga undaydi. Sahna orqali hayotni ko‘ramiz, taqdirlardan saboq olamiz. Shunday ekan, teatr — tarbiya maskani, hayotning o‘ziga xos ko‘zgusidir, - deydi tomoshabin Madina Xursanova.
Yoshlarni turli zararli ta’sirlar va odatlardan asrash, ularda sog‘lom turmush tarzi hamda to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirishda bunday sahna asarlarining ahamiyati katta.
Jamshid YORBEKOV(surat,video),O‘zA