Murojaat o‘rganilib, xotin-qizlar kasbga yo‘naltirildi
Oqoltin tumanida xotin-qizlarning murojaatlarini o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish va bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, zamonaviy ko‘nikmalarini oshirish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Unda bandlik bo‘limi mutasaddilari, texnikum rahbarlari va mas’ul xodimlar ishtirok etishdi.
Muloqotda ta’kidlanganidek, har bir murojaat ortida muayyan ehtiyoj va muammo mujassam. Shu bois xotin-qizlarning qiziqishi, qobiliyati va ehtiyojlari o‘rganilib, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda tumandagi texnikumlarda qisqa muddatli va bepul amaliy kurslarni tashkil etish rejalashtirilgan. Kompyuter savodxonligi, SMM va raqamli texnologiyalar, tikuvchilik, kiyim dizayni, go‘zallik sohasi, qandolatchilik hamda milliy hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda o‘quvlar tashkil etiladi.

Muhimi, jarayon kasb o‘rgatish bilan cheklanmaydi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik istagida bo‘lganlarga esa o‘z biznesini boshlashi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatish choralari belgilanmoqda.
Shuningdek, Oqoltin tumanidagi Xalq qabulxonasida xotin-qizlarning murojaatlari ham o‘rganilib, har bir masala yuzasidan mas’ullar biriktirildi. Xususan, xonadonga oid kadastr hujjatlarini tartibga keltirish, bolalar nafaqasini rasmiylashtirish va savdo faoliyati uchun joy ajratish bilan bog‘liq murojaatlar ko‘rib chiqildi.

Murojaatni eshitishning o‘zi emas, uning sababini o‘rganib, aniq yechim va imkoniyatga yo‘l ochish muhim. Bu borada kasbga yo‘naltirish samarali vositalardan biri bo‘lib, xotin-qizning kasb egallashi uning bandligi va daromadini oshirish barobarida oila farovonligiga ham xizmat qiladi.

Oqoltin tumanida murojaatlarni o‘rganishdan tortib, xotin-qizlarni kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlashgacha bo‘lgan jarayon izchil davom ettirilmoqda. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning ertangi kuniga daxldor masala bor.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri