Qashqadaryoda OIV infeksiyasi bo‘yicha holat muhokama qilindi
Qashqadaryoda OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 2300 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Qashqadaryo viloyat OITS markazi tashabbusi bilan OAV xodimlari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tartibsiz jinsiy hayot, gigiyenaga to‘la amal qilmaslik, qon yoki homiladorlikda onadan bolaga yuqishi mumkin bo‘lgan bu kasallik insonning immun tizimini butkul pasaytirib yuborishi natijasida oddiygina shamollashdan ham vafot etishi mumkin.

Tahlillar yildan yilga ushbu kasallikka chalinuvchilar sonining tobora ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, viloyatda OIV infeksiyasi 2025-yilda o‘tgan 2024-yilga nisbatan 7 taga oshgan. 2024-yilda 260 nafar shaxsda OIV infeksiyasi yangi aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda esa 267 nafar shaxslarda kasallik qayd etilgan. 2026-yilning 1-aprel holatida viloyatda OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslar 2 ming 300 nafarni tashkil etmoqda, shundan 892 nafarini ayollar tashkil etadi.
Shunday ekan soha xodimlari sog‘likka befarq bo‘lmaslikka, mobil klinikalar yoki OITS markazida virusli infeksiyalar uchun kechiktirmasdan testdan o‘tishni tavsiya qilmoqda.
Tadbir davomida OAV vakillari bilan mazkur kasallikka chalingan bemorlarni erta aniqlash va uning oldini olish borasida targ‘ibot ishlarida hamkorlik muhim ekanligi ta’kidlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri