Toshkent xalqaro aeroportida parvozlar xavfsizligini ta’minlashning intellektual tizimi joriy etildi
Ushbu tizim sun’iy intellekt yordamida yuqori xavfli hududlardagi qushlarni avtomatik ravishda aniqlash, kuzatish va haydash funksiyalarini bajarib, jarayonda inson omilini sezilarli darajada pasaytiradi. Tizim to‘liq avtonom tarzda ishlab, havo kemalarining harakatiga qarab mustaqil ravishda faollashadi va o‘chadi.
Uning maxsus kameralari qushlarni kunduzi 1000 metrgacha, tunda esa 400 metrgacha bo‘lgan masofada aniqlashga qodir bo‘lib, hatto murakkab ob-havo sharoitlarida ham o‘z vaqtida chora ko‘rishni ta’minlaydi. Qushlarni haydashda yo‘naltirilgan ovozli va ultratovush signallardan foydalaniladi.
Qushlar ushbu ta’sirga o‘rganib qolmasligi uchun signallar doimiy ravishda o‘zgarib turadi, shu bilan birga masofa va atrof-muhitga qarab ovoz balandligi tartibga solinib, ekotizimga salbiy ta’sir kamaytiriladi.
Mazkur tizim bir vaqtning o‘zida 256 tagacha qushni aniqlash va kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lib, bir nechta qurilmalar hamkorligida qushlarni xavfsiz zonalarga yo‘naltiradi.
Shuningdek, tizim mutaxassislariga tahlil va boshqaruv oson bo‘lishi uchun barcha ma’lumotlarni doimiy ravishda yig‘ib boradi.
Hamroz Bayonov, O‘zA