Qarshi - Toshkent yo‘li kengaytirilishi kerak
Qashqadaryo viloyat IIB jamoat xavfsizlik xizmati yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasi tashabbusi bilan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Jarayonda 4R87 “A-378 avtomobil yo‘lidan Qarshi shahriga kirish” avtomobil yo‘li va unda transport vositalari qatnovi ko‘paygani sari yo‘l transport hodisalari sodir bo‘lish xavfi oshayotgani haqida ta’kidlab o‘tildi.
Ushbu yo‘lning umumiy uzunligi Ko‘kdala tumani markazidan Qarshi shahrigacha 53 kilometrni tashkil etadi.
Mazkur avtomobil yo‘li Qarshi shahar hamda Qarshi, Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak, Koson tumanlarini Toshkent shahri va Respublikamizning sharqiy viloyatlari bilan bog‘lovchi eng qisqa yo‘l hisoblanadi.
Hozirda avtomobil yo‘lida kuniga 10-12 ming avtotransport harakatlanadi. Avtomobil yo‘lida harakat jadalligining oxirgi yillarda keskin oshishi, shuningdek, og‘ir yuk tashuvchi transport vositalarining uzluksiz harakatlanishi oqibatida, yillik qamrov va yengil ta’mirlash ishlarini muntazam olib borilishiga qaramasdan, talab darajasida saqlashning imkoniyati bo‘lmayapti. Yo‘lda ko‘plab sodir bo‘layotgan og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining tahlillariga ko‘ra, avtomobil yo‘li transport vositalari harakatini qarama-qarshi yo‘nalishlarga ajratuvchi to‘siqlar bilan jihozlanmaganligi natijasida, qarama-qarshi harakatdagi transport vositalarining to‘qnashib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, 2023 yilning 12 oyida jami 20 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, natijada 7 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 16 nafari turli darajada tan jarohati olgan. Joriy yilning 6 oyida jami 5 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, ular natijasida 2 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 1 nafari turli darajada tan jarohati olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu avtomobil yo‘lida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi va viloyat yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonasiga, viloyat hokimligiga o‘tgan yillar davomida bir necha marta taqdimnomalar kiritilgan.
Natijada viloyat hokimining tegishli qarori bilan ushbu yo‘lda harakatlanish 100 km/soatdan 70 km/soatgacha tushirildi. Bundan tashqari, avtomobil yo‘lining 35-40 kilometrlari oralig‘ida 2020 yilda to‘la ta’mirlash ishlari boshlanib, 2021 yilda yakuniga yetkazildi. Shuningdek, 49-52 kilometr qismini to‘la ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Ushbu avtomobil yo‘lida harakat xavfsizligini ta’minlash va transport vositalari harakat tezligini nazorat qilish maqsadida, viloyat IIB JXX YHXB tomonidan transport vositalarining harakat tezligini avtomatik tarzda aniqlovchi onlayn rejimda ishlovchi avtomatlashtirilgan fotoradar va mulyajlar, haydovchilarni hushyorlikka chaqiruvchi mayoqchalar o‘rnatildi. Shuningdek, avtomobil yo‘lining yo‘l-transport hodisalari ko‘plab sodir etiladigan 14 ta joyi yoritilib, 3 ta YPX mobil posti tashkil etildi. Keraklicha yo‘l belgilari o‘rnatildi.
Shuncha sa’y-harakatlarga qaramay ushbu yo‘l xavfliligicha qolmoqda. Yo‘lni allaqachon kengaytirib, birinchi toifaga o‘tkazish vaqti kelgan.
[gallery-18467]
Press-tur davomida Prezidentning 2023 yildagi tegishli qaroriga asosan 2024-2025 yillarda ushbu yo‘lni kengaytirish loyihasi amalga oshirilayotgani haqida ham ta’kidlab o‘tildi. Albatta, bunday loyihalar katta mablag‘ talab qiladi va xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Ungacha yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizlik choralariga maksimal darajada yondashishlari talab etiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari