O‘zbekiston va Pokiston: oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlanadi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi parlament nazorati tartibida muhokama qilindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va geologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari, yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, temir yo‘l transporti, farmatsevtika, ilm-fan, savdo-sanoat hamda boshqa yo‘nalishlarga mas’ul vazirlik va idoralar vakillarining axborotlari eshitildi.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi vakili ham hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan axborot berdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, fan va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etildi.

Prezidentimizning 2026-yil 5 - 6-fevral kunlari Pokistonga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 174 - sonli qarori bilan tegishli “yo‘l xarita”lari tasdiqlangan. Unda belgilangan vazifalarning bajarilishi, amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim vazifalar ijrosida kechikishlar, mas’ul ijrochilar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurati hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.

Kelishuvlar ijrosini faqat amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlar bilan emas, balki aniq amaliy natijalar bilan baholash muhimligi ta’kidlandi.
Ayrim kelishuvlarni amalga oshirishda Pokiston tomoni bilan hamkorlikda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni shakllantirish va parlamentlararo muloqot doirasida muhokama qilish zarurligi qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA