O‘zbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash trenerlari tayyorlanmoqda
Toshkent shahrida davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga ish joyida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash bo‘yicha trenerlarni tayyorlashga qaratilgan to‘rt kunlik o‘quv-trening o‘tkazilmoqda.
Unda 86 nafar ishtirokchi, jumladan, 30 nafari vazirlik va markaziy idoralarning HR bo‘linmalaridan, 28 nafari nodavlat notijorat tashkilotlaridan hamda 28 nafari oliy ta’lim muassasalaridan (har bir hududdan 2 nafardan) qamrab olingan.
Ma’lumot uchun, xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash bo‘yicha Milliy dasturga joriy yilning 15-oktabr kuni start berildi. Milliy dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-sentabrdagi “Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-sentabrdagi 518-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Dastur ijrosi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihalar ofisi tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.

O‘quv-treninglar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan Buyuk Britaniya hukumati moliyaviy ko‘magi hamda Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida o‘tkazilmoqda.
Treninglar pedagogik tajriba bilan bir qatorda tazyiq va zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha bevosita amaliy faoliyat olib boradigan yuqori malakali ekspertlar tomonidan olib borilmoqda. Maxsus o‘quvlar davomida tayyorlanayotgan trenerlar mehnat jamoalarida uchrashi mumkin bo‘lgan murakkab vaziyatlar asosida qonunbuzarliklarning oldini olish, murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda jabrlanganlarning huquqlarini himoya qilish tartib-taomillarini o‘zlashtiradi.

Mazkur yondashuv asosida xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga mos ravishda qo‘llash bilan bir qatorda, milliy qadriyatlarimiz – insonga, uning sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat tamoyillariga tayanish muhim o‘rin tutadi. Dastur ushbu qadriyatlarni mehnat jamoalaridagi kundalik munosabatlarda mustahkamlash, ularni aniq xulq-atvor qoidalari va mas’uliyat mezonlarida namoyon etishni ko‘zda tutadi.
Kadrlar xizmatlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari hamda hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun tashkil etilgan ilk treninglar respublika bo‘ylab izchil o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Tayyorlangan trenerlar olgan bilim va ko‘nikmalarini hamkasblariga yetkazib, davlat organlari va tashkilotlarida xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini kundalik faoliyatning ajralmas me’yoriga aylantirishga hissa qo‘shadi.
N.Abduraimova, O‘zA