Prezident maktubi – barça avlodlarga yöllangan murojaat
Özbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qöllab-quvvatlaş «Nuroniy» jamğarmasi taşabbusi bilan Sirdaryo tumanida Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga uçayotgan samolyotda suyukli nabirasi Şavkatbekka yöllagan samimiy maktubining mazmun-mohiyatiga bağişlangan kengaytirilgan yiğiliş bölib ötdi.
Videoselektor şaklida taşkil etilgan tadbirda «Nuroniy» jamğarmasi respublika boşqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev, jamğarmaning viloyat, şahar va tuman bölimlari rahbarlari, faol nuroniylar, mahalla vakillari hamda yoşlar iştirok etdi. Şuningdek, Qoraqalpoğiston Respublikasi va barça viloyatlardagi studiyalar orqali hududiy vakillar ham muloqotga ulandi.
Videoselektorni olib borgan «Nuroniy» jamğarmasi respublika boşqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev mamlakatimizda sönggi yillarda amalga oşirilayotgan keng kölamli islohotlar, ularning zamirida inson qadrini uluğlaş va xalq manfaatlarini taʼminlaş ustuvor vazifa sifatida belgilanganiga eʼtibor qaratdi.
«Nuroniy» jamğarmasi respublika boşqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev Prezidentimizning nabirasiga yöllagan maktubi oddiy oilaviy murojaatdan köra kengroq maʼno kasb etişini, unda mehribon boboning öz farzandlari va nabiralari timsolida butun mamlakat yoşlariga qaratilgan hayotiy ögitlari, samimiy nasihatlari mujassam ekanini taʼkidladi.
– Barçangiz yaxşi bilasiz, davlatimiz rahbari yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yölida tinmay mehnat qilmoqda. Hatto uzoq safarlarda ham vaqtni behuda ötkazmay, mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor masalalar bilan şuğullanadi. Iordaniyaga taşrif oldidan sevimli nabirasi Şavkatbekning «Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» degan savoliga javob beriş maqsadida samolyotda maktub yozadi.
Men ham uşbu maktubni öqib çiqib, juda taʼsirlandim. Unda oilaviy mehr, farzand tarbiyasi, avlodlar örtasidagi munosabatlar va insonning hayotdagi masʼuliyati haqidagi muhim fikrlar jamlangan. Biz ham nabiralarimizni erkalatamiz, ularga mehr körsatamiz. Ammo faqat erkalatiş bilan çeklanib qolmasdan, ularning tarbiyasi, kelajagi, hayotda öz örnini topişi haqida ham qayğurişimiz kerak. Menimça, uşbu maktub har birimiz uçun öziga xos saboqdir, – dedi Sodiqjon Turdiyev.
Jamğarma raisi nuroniylarni maktubni, avvalo, öz oilasidagi farzand va nabiralariga öqib berişga, uning mazmun-mohiyatini yoşlarga tuşuntirişga çaqirdi. Şuningdek, mahallalar, umumtaʼlim maktablari va boşqa taʼlim muassasalarida ham tarğibot tadbirlarini taşkil etiş zarurligini bildirdi.
Şundan söng Prezident Şavkat Mirziyoyevning «Suyukli nabiram Şavkatbekka parvoz davomida bitilgan maktub»i yiğiliş iştirokçilari eʼtiboriga havola etildi.
Maktubda ilgari surilgan oilaviy tarbiya, farzandlar kamoloti, avlodlar davomiyligi, yurt tinçligi va mamlakat taraqqiyoti uçun masʼuliyat kabi muhim masalalar iştirokçilarni çuqur muşohada yuritişga undadi.
Muloqot davomida Sirdaryo viloyati va boşqa hududlardan iştirok etgan nuroniylar, jamoatçilik vakillari hamda yoşlar maktub yuzasidan öz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
– Prezidentimiz bizni öz nevaralaridek körib, hayotiy maslahatlar berganlari uçun katta rahmat aytaman. Bugun bizdan talab qilinayotgan eng muhim narsa – öqiş va ilm oliş. Kelajakda bilimli, yetuk inson bölib kamol topişimiz, orzularimizga erişişimiz nafaqat özimiz, balki yurtimiz uçun ham muhim, – deydi Sirdaryo tumanidagi 5- umumtaʼlim maktabining 7-sinf öquvçisi Umida Boymatova.
Şu maktabning 7-«B» sinf öquvçisi Zuhriddin Bayzayevning fikriça, maktub yoş avlod uçun muhim hayotiy saboq va ibrat manbaidir.
– Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyevning nabirasiga yozgan maktubini öqib, katta taassurot oldik. Biz davlatimiz rahbari bilan faxrlanamiz. Bugun yoşlar uçun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yaxşi öqişimiz, bilim olişimiz kerak. Buning uçun barça şaroitlar mavjud, – deydi u.
Sözga çiqqanlar maktubning sodda, ravon va bolalar qalbiga yaqin tilda yozilgani, undagi har bir fikr hayotiy tajriba va muhim xulosalarga asoslanganini eʼtirof etdilar. Unda Prezidentimizning şaxsiy hayot yöli, yurt taraqqiyoti yölidagi mehnati, kelajak avlod oldidagi masʼuliyat va yoşlar uçun yaratilayotgan imkoniyatlar haqidagi muhim saboqlar mujassam ekaniga eʼtibor qaratildi.
– Prezidentimiz Iordaniyaga taşrifi çoğida samolyotda nabirasi Şavkatbekning «Nega Siz doim uzoq safarlarga ketasiz?» degan savoli haqida öylab, unga maktub yozganlari bizda katta taassurot qoldirdi. Bugun biz Sirdaryo viloyatidan turib respublika miqyosida taşkil etilgan uşbu muloqotda maktubni maroq bilan tingladik, har bir bandining mazmun-mohiyatini muhokama qilib, öz munosabatimizni bildirdik. Unda Prezidentimizning hayot yöli, yurtimizning porloq kelajagi uçun amalga oşirayotgan işlari, yoş avlod oldida turgan vazifalar juda sodda va tuşunarli tarzda bayon etilgan. Menimça, bu maktubni faqat bir murojaat sifatida qabul qilmasligimiz kerak. U farzandlarimiz baxtli kelajagi, yoşlarimizning kamoloti uçun muhim dasturulamal bölib xizmat qiladi. Uni har bir ota-ona, buva va buvi öz farzandlari, nabiralariga yetkazişi zarur, – deydi birinçi darajali mehnat faxriysi Rustambek Turdiyev.
Mehnat faxriysi, xususan, ilgari öquvçilarning paxta yiğim-terimiga jalb etilgani bilan bugun yoşlarning taʼlim olişi va öz qobiliyatini röyobga çiqarişi uçun yaratilayotgan şaroitlar örtasidagi farqni alohida eʼtirof etdi. Şuningdek, mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlarni tiklaş, buyuk allomalar merosini örganiş, jumladan, Imom Buxoriy majmuasini qayta barpo etiş borasidagi işlarga töxtaldi.
Tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar maktubda ilgari surilgan ğoyalarni keng jamoatçilikka yetkaziş, ularning tarbiyaviy ahamiyatini oila, mahalla va taʼlim muassasalarida izçil tarğib etiş zarurligini körsatdi. Binobarin, farzand tarbiyasi faqat taʼlim muassasalari zimmasidagi vazifa emas, balki ota-ona, buva-buvi, mahalla va butun jamiyatning muştarak masʼuliyatidir.
Yiğiliş yakunida nuroniylar maktubni yoş avlod tarbiyasida muhim maʼnaviy manba sifatida keng tarğib etiş, uni oila davrasida farzandlar va nabiralar bilan birgalikda öqib, mazmun-mohiyatini muhokama qiliş borasida faol iştirok etişga kelişib oldilar.
Ğulom Primov, Umid Obidjonov (surat),
ÖzA muxbirlari