Poytaxt tumanlari tarkibiga o‘tgan 46 ta mahallaning infratuzilmaviy muammolari to‘liq hal etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yig‘ilishda hududlardagi infratuzilmaviy muammolar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeli tumaniga qo‘shilgan 13 ta mahallada 14,5 ming xonadon mavjud bo‘lib, ularda 50 mingdan ortiq aholi yashaydi. Biroq ushbu hududlar aholisi haligacha shahar muhitini to‘liq his qilgani yo‘q.
Mazkur mahallalarda ko‘chalarni yoritish uchun 629 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, kabel tortilgan bo‘lsa-da, tizim haligacha ishga tushmagani qat’iy tanqid qilindi.
Mutasaddilarga o‘n kun muddatda ushbu masalani hal qilish topshirildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar mazkur mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash vazifasi qo‘yildi.
Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlar soni oshgani sababli elektr energiyasiga bo‘lgan yillik talab besh yilda 40 foizga ko‘paygan. Oqibatda ayrim mahallalarda elektr kuchlanishi me’yordan 1,5–2 baravar pastligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan “Shaharoldi”, “O‘zgarish” va “Qumariq” nimstansiyalarini ishga tushirish uchun jami 107 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu ob’ektlarni aniq muddatlarda ishga tushirish va aholini kafolatli elektr ta’minoti bilan yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.
Umuman olganda, poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlari tarkibiga o‘tgan 46 ta mahallada elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘l bo‘yicha birorta ham hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi alohida ta’kidlandi.
O‘zA