Poytaxt hududlarida Navro‘z shukuhi (+video)
Bugun poytaxt ko‘chalarini, istirohat bog‘larini, ko‘ngilochar maskanlarini aylanar ekansiz barcha joyda milliylik tarannumini, insonlarning quvonch to‘la chehralarini, atrofni o‘rab turgan bahoriy iliqlikni his etasiz. Bu muhit qalblarni junbushga keltirib, barchani bayram sari, ko‘ngilni bir oz yozib olish uchun chorlaydi.
Masalan, poytaxt markazidagi “Do‘stlik” bog‘i bugun har qachongidanda fayzli go‘shaga aylangan. Bir tarafda doshqozonlarda sumalaklar qaynab turibdi, Toshkentning mashhur oshpazlaridan Navro‘zga bag‘ishlab palovxonto‘ra, ikkinchi tarafda sahnalarda jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar, milliy o‘yinlar, tuman sportchilarining chiqishlari, jajji bolajonlarning quvnoq ovozlari, xullas barcha-barchasi Navro‘zning yuqori haroratini sizga tortiq qiladi.
Bunday kunlarda ayniqsa qo‘l mehnatida tayyorlangan milliy hunarmandchilik mahsulotlariga qiziqish yuqori bo‘ladi. Yoshlarni asriy an’ana va udumlarimizga bo‘lgan qiziqishlarini ko‘rib ham ko‘ngil ko‘tariladi.
Aytish kerakki 20-21 mart kunlari poytaxtning barcha istirohat bog‘lari, mahallalarida “Navro‘z”ga bag‘ishlangan turli ko‘ngilochar tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Masalan, “Navro‘z” bog‘ida qirq xil ta’mli sumalak dasturi va xalq sayli tashkil etiladi. Unda dorbozlarning chiqishlari, karnay surnay sadolari, kuy qo‘shiqlar va bir qancha ko‘ngilochar shou dasturlari o‘rin olgan. Shuningdek, yurtimiz mehmonlari va poytaxtliklarni “Ali bobo va qirq qaroqchi” shousi kutmoqda. Yulduzlar ishtirokidagi konsert dasturi barchani quvnoq hamda jo‘shqin bayramga chorlab qoladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/a6NRrm4xqpE" title="Poytaxt hududlarida Navro‘z shukuhi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA