“O‘zmilliybank” ko‘magi: bitiruvchilar tadbirkorlikka yo‘naltirilmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning markazida inson qadrini ulug‘lash va yoshlarning porloq kelajagini ta’minlashdek olijanob maqsad mujassam.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Biz uchun yoshlar bandligini ta’minlash, ularning qobiliyat va intilishlarini ro‘yobga chiqarish nafaqat iqtisodiy vazifa, balki vatanparvarlik burchimizdir. Ertamiz egalari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash orqali biz Yangi O‘zbekistonning mustahkam poydevorini quramiz”.
Ana shunday ezgu intilishlarning amaliy ifodasi sifatida Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetida “Bitiruvchilarning bandligini ta’minlash va biznes g‘oyalarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar” mavzusida tashkil etilgan “Yoshlar bilan ochiq muloqot” uchrashuvi chinakam imkoniyatlar maydoniga aylandi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “O‘zmilliybank” AJ hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, mutasaddi idoralar va bank tizimi vakillari ishtirok etdi.
[gallery-28945]
Tadbirning ahamiyatli jihati shundaki, Guliston davlat pedagogika instituti hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filiali bitiruvchilari videokonferensaloqa orqali muloqotga qo‘shilib, o‘z tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdi. Uchrashuvni universitet prorektori Fazliddin Sharipov ochib berar ekan, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ajralmas qismiga aylanganiga alohida urg‘u berdi.
Muloqot davomida “O‘zmilliybank” AJ vakillari yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, imtiyozli kreditlar ajratish va haq to‘lanadigan amaliyot dasturlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida respublika bo‘yicha 6 ming nafardan ziyod yosh tadbirkorning loyihalari uchun 378 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, Sirdaryo viloyatida esa 400 nafarga yaqin bitiruvchiga 15 milliard so‘mlik moliyaviy ko‘mak berilgani e’tirof etildi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalari bevosita amaliy qo‘llab-quvvatlash choralarida namoyon bo‘ldi: 5 nafar bitiruvchiga tadbirkorlikni boshlash uchun jami 100 million so‘m mablag‘ va bir nafar talabaga 100 million so‘mlik vaucher taqdim etildi.
Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz tomonidan har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” sifatida nishonlash tashabbusining ilgari surilishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Mazkur uchrashuv ham aynan ushbu ezgu tashabbus doirasida tashkil etilgan bo‘lib, yoshlarning muammolarini joyida hal etish va ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Zero, Prezidentimiz aytganlaridek, “Biz yoshlarga sharoit yaratib bersak, ular tog‘ni talqon qiladi”.
Ko‘rgazmali chiqishlar, startaplar taqdimoti va ochiq savol-javoblarga boy bo‘lgan muloqot sirdaryolik yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
G‘ulom PRIMOV, Umid OBIDJONOV (surat), O‘zA