Mirzacho‘lga xorij investitsiyasi keladi
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumaniga Xitoy Xalq Respublikasining “MCC Huatian Engineering & Technology” kompaniyasi delegatsiyasining tashrifi hudud iqtisodiy salohiyatiga xalqaro qiziqish ortib borayotganining yaqqol ifodasi bo‘ldi.
Tuman hokimligida o‘tgan muloqotlar chog‘ida Mirzacho‘lning tabiiy-iqtisodiy imkoniyatlari, sanoatni diversifikatsiya qilish yo‘nalishlari va istiqbolli investitsiya loyihalari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, zamonaviy infratuzilma, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun ajratilgan yer maydonlari hamda investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur tashabbuslar mamlakatimizda xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan izchil davlat siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-yanvardagi “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari bu borada mustahkam huquqiy zamin yaratib bermoqda.

Aynan shu kabi me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida joylarda investorlar bilan manzilli ishlash, ularga amaliy ko‘mak berish, infratuzilmani yaxshilash va sanoat zonalarini rivojlantirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Mirzacho‘ldagi mazkur uchrashuv ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida e’tirof etiladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar. Bu esa nafaqat tuman, balki butun viloyat iqtisodiyotiga yangi sur’at, yangi ish o‘rinlari va yangi imkoniyatlar olib kirishi, shubhasiz.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA