“O‘zmilliybank”: murojaatlar doimiy e’tiborda
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, davlat idoralari va tashkilotlarini xalqimiz bilan hamnafas bo‘lishi, aholi murojaatlarini ijobiy hal etish, odamlarning bugunidan roziligini ta’minlashdek xayrli ishlarda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ham faol ishtirok etmoqda.
“O‘zmilliybank” rahbariyati tashabbusi bilan hududlardagi filiallarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar hamda tadbirkorlik sub’ektlari bilan muloqotlarda mijozlar tomonidan yo‘llanayotgan murojaatlar, taklif-tashabbuslar, dolzarb masalalar ijobiy hal etib kelinmoqda.
Namangan shahrining Davlatobod tumanida bo‘lib o‘tgan “O‘zmilliybank” AJ Namangan viloyati bosh boshqarmasining navbatdagi sayyor qabulida tadbirkorlar va fermerlar, boshqa bank mijozlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat yurituvchi bankirlar hamda ularning yordamchi agentlari ishtirok etdilar.

“O‘zmilliybank” AJ Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Ahadjon Mirzayev so‘nggi yillarda yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlar bank-moliya tizimida ham o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi. Qabulda bank tomonidan ko‘rsatilayotgan qulay va jozibador xizmat turlari, imtiyozli kredit turlari hamda ularning ahamiyati haqida to‘laqonli ma’lumotlar berib o‘tildi.

Sayyor qabul davomida mijozlar “O‘zmilliybank” tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat sifati hamda xodimlarning muomala madaniyatidan mamnun ekanliklarini bildirdi. Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari bilan tasdiqlangan oilaviy tadbirkorlik, tekstil, parrandachilik, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda taqdim qilinayotgan moliyaviy ko‘maklardan Namangan viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalari hamda mahallalarda aholi vakillari unumli foydalanib, nafaqat bandligini ta’minlash, balki mo‘may daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

Sayyor qabulda o‘nga yaqin murojaatlar ham aynan imtiyozli kreditlar ajratish, terminal olishda ko‘maklashish masalalariga qaratildi. Yo‘llangan murojaatlar muloqotning o‘zidayoq nazoratga olinib, ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar yuklatildi.

– Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida nevrologiya yo‘nalishida yangi xususiy klinika faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. 10 milliard so‘mni tashkil etuvchi loyihamiz doirasida bemorlarni davolash uchun zamonaviy shart-sharoitlarni hozirladik. Ayni vaqtda 10 nafar malakali xodimimiz bor, – deydi Davlatobod tumanidagi "Mediculs Mediline" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Andijon davlat tibbiyot institutining magistratura ikkinchi bosqich talabasi Dilbar Qahhorova. – Tibbiy diagnostika markazimizni rivojlantirish maqsadida zamonaviy uskunalar sotib olish uchun 1 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilishida amaliy yordam so‘rab, murojaat qildik. Bank bilan doimiy hamkor bo‘lganimiz sababli masalamiz tez orada yechilishi aytib o‘tildi.

“O‘zmilliybank” AJ Namangan viloyati bosh boshqarmasi ijro intizomi nazorati bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Toshtanovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar-iyun oylari davomida fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’ektlaridan jami 99 murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan o‘tgan davrda 44 tasi kreditga oid, 27 tasi shartnomalarga doir masalalar ijobiy hal etilgan.
E’tiborlisi shundaki, “O‘zmilliybank” amaliy ko‘magida namanganlik kichik biznes egalarining istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 180,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu o‘z navbatida viloyatda sanoat ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, Hotamjon Mamadaliyev (surat), O‘zA.