2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,1 foiz o‘sishi prognoz qilinmoqda
Dunyo iqtisodiyoti so‘nggi yillarda pandemiya oqibatlari, geosiyosiy ziddiyatlar, yuqori inflyatsiya, xalqaro savdodagi uzilishlar va moliya bozorlaridagi beqarorlik kabi omillar ta’sirida shakllanmoqda. Bunday sharoitda har bir mamlakatning iqtisodiy barqarorligi avvalo uning fiskal siyosati, byudjet intizomi va davlat moliyasini boshqarish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston ham iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Keyingi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektorni kengaytirish, soliq tizimini takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Ana shu jarayonlarning mantiqiy davomi sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya mamlakat iqtisodiyotining o‘rta muddatli rivojlanish modelini belgilab beruvchi asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi. Mazkur strategiya davlat byudjeti, davlat qarzi, soliq siyosati, davlat xarajatlari, inflyatsiya va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan. Strategiyada 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,1 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ham yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ammo iqtisodiy o‘sishning o‘zi yetarli emas.
Muhim savol — bu o‘sish qanday omillar hisobiga ta’minlanadi? Iqtisodiy nazariyaga ko‘ra, YAIM o‘sishi to‘rt asosiy manba hisobiga yuzaga keladi. Xususan, xususiy iste’mol, davlat xarajatlari, investitsiyalar, sof eksport. O‘zbekiston misolida keyingi yillarda aynan investitsiyalar iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylandi. Yirik energetika loyihalari, transport infratuzilmasi, sanoat zonalari, metallurgiya, kimyo va qayta tiklanuvchi energetika sohalariga kiritilayotgan sarmoyalar iqtisodiyot o‘sishini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, ichki iste’mol ham aholi daromadlari o‘sishi hisobiga iqtisodiyotga qo‘shimcha turtki bermoqda. Iqtisodchilar faqat iqtisodiyot qancha o‘sganiga emas, balki qaysi sohalar hisobiga o‘sganiga ham e’tibor qaratishadi. Masalan, qurilish orqali o‘sish, xizmatlar sohasi hisobiga o‘sish, yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi sanoat orqali o‘sishiga e’tibor qaratiladi.
Uchinchi yo‘nalish barqaror iqtisodiy taraqqiyot uchun eng samarali hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, strategiyada sanoat ishlab chiqarishi, qayta ishlash tarmoqlari va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga katta urg‘u berilgan. Bu kelgusida mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin. YAIM o‘sishi avtomatik ravishda aholi turmush darajasi oshganini anglatmaydi. Agar iqtisodiy o‘sishdan kelgan daromadlar aholi o‘rtasida teng taqsimlanmasa yoki inflyatsiya yuqori bo‘lsa, iqtisodiy o‘sishning ijtimoiy samarasi pasayadi. Shu bois strategiyada, yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat unumdorligini oshirish, kichik biznesni rivojlantirish, xususiy sektorni kengaytirish kabi vazifalar ham belgilangan. Bu choralar iqtisodiy o‘sishni aholi farovonligiga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiyalar hajmi keskin oshdi. Energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, logistika, tog‘-kon sanoati, metallurgiya va infratuzilma loyihalari iqtisodiyotning o‘sish nuqtalariga aylanmoqda. Biroq iqtisodchilar ta’kidlaganidek, investitsiyalarning hajmi emas, balki samaradorligi muhim. Agar sarmoyalar yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan ishlab chiqarishga yo‘naltirilsa, iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sish sur’ati yanada yuqori bo‘ladi. Bu esa eksportni kengaytirish, yangi texnologiyalarni jalb qilish va yuqori malakali ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishning o‘zi kifoya emas. Agar davlat xarajatlari nazoratsiz o‘ssa, byudjet taqchilligi ortib ketsa yoki davlat qarzi tez ko‘paysa, bu iqtisodiy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi. Shuning uchun ham Fiskal strategiyaning asosiy maqsadi iqtisodiy o‘sish bilan moliyaviy intizom o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashdan iborat. Bu hujjatning ahamiyati shundaki, u davlat xarajatlarini rejalashtirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish va iqtisodiy xavflarni oldindan boshqarishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan bo‘lsa-da, inflyatsiya hali ham iqtisodiy siyosatning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Iqtisodiyot tez sur’atlarda o‘sganda aholi daromadlari, investitsiyalar va iste’mol talabi ortishi tabiiy. Biroq talabning keskin o‘sishi taklif bilan muvozanatlashmasa, narxlar ham o‘sishda davom etadi. Fiskal strategiyada inflyatsiyani pasaytirish faqat Markaziy bankning vazifasi sifatida emas, balki davlat moliyasi, byudjet siyosati va tarkibiy islohotlar bilan uzviy bog‘liq jarayon sifatida baholangan. Bu yondashuv xalqaro amaliyotga ham mos keladi. Chunki inflyatsiyani faqat foiz stavkasini oshirish orqali emas, balki byudjet intizomi, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va raqobat muhitini yaxshilash orqali ham jilovlash mumkin.
Agar davlat xarajatlari iqtisodiyot imkoniyatlaridan tezroq o‘ssa, bozorda qo‘shimcha talab paydo bo‘ladi. Bu esa inflyatsiya bosimini kuchaytiradi. Shu sababli Fiskal strategiyada davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich tartibga solish, samarasiz subsidiyalarni qayta ko‘rib chiqish va investitsiya loyihalarini ustuvorlik asosida moliyalashtirish belgilangan. Muhim jihat shundaki, davlat xarajatlarini qisqartirish emas, balki ularning samaradorligini oshirish maqsad qilingan. Boshqacha aytganda, har bir byudjet so‘mi iqtisodiy o‘sish yoki aholi farovonligiga xizmat qilishi lozim.
Fiskal strategiya davlat byudjetiga nisbatan o‘rta muddatli rejalashtirish tizimini yanada kuchaytirishni ko‘zda tutadi. Bu har yili alohida byudjet qabul qilish emas, balki keyingi bir necha yil uchun xarajat va daromadlarni oldindan prognoz qilish imkonini beradi. Bunday tizimning afzalliklari quyidagilardan iborat. Davlat dasturlarini uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyati kengayadi. Investorlar uchun davlat siyosati barqarorligiga ishonch ortadi. Byudjet mablag‘larini samarali taqsimlash osonlashadi, favqulodda xarajatlar ehtimoli kamayadi.
Iqtisodiy adabiyotlarda byudjet taqchilligi har doim ham salbiy holat sifatida baholanmaydi. Agar taqchillik hisobiga iqtisodiyotning ishlab chiqarish quvvatini oshiradigan yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilsa, bu kelajakda yuqori iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishi mumkin. Biroq taqchillik doimiy tus olsa yoki joriy iste’mol xarajatlarini moliyalashtirish uchun ishlatilsa, davlat qarzi ortib boradi va byudjetga qo‘shimcha bosim yuzaga keladi. Shu bois strategiyada byudjet taqchilligini maqbul darajada saqlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Qayd e’tish joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi sezilarli darajada oshdi. Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, transport va logistika sohalarida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Biroq iqtisodchilarning ta’kidlashicha, investitsiyalarning hajmi emas, balki sifati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalarni joriy etish va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan sarmoyalar uzoq muddatli o‘sishni ta’minlaydi. Strategiya davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy biznes uchun teng raqobat muhitini yaratishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishni nazarda tutadi. Buning uchun davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, raqobat muhitini yaxshilash kabi vazifalar belgilangan. Natijada iqtisodiyotda xususiy sektor ulushining ortishi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuni ham aytish joiz, so‘nggi yillarda davlat xizmatlari, soliq ma’muriyatchiligi, bank tizimi va to‘lov infratuzilmasida raqamlashtirish jarayonlari jadallashdi. Fiskal strategiyada ham raqamli texnologiyalardan foydalanish davlat xarajatlarining shaffofligini oshirish, soliq tushumlarini ko‘paytirish va korrupsiya xavfini kamaytirishning muhim vositasi sifatida baholangan. Bu davlat boshqaruvini arzonlashtirish bilan birga, biznes uchun ham qulay muhit yaratadi. Fiskal strategiyaning eng muhim xususiyati shundaki, u iqtisodiy o‘sishni faqat davlat xarajatlari hisobiga emas, balki xususiy investitsiyalar, raqobat muhiti va inson kapitali orqali ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Bu yondashuv xalqaro moliya institutlari tavsiya etayotgan zamonaviy iqtisodiy modelga mos keladi. Biroq belgilangan maqsadlarga erishish byudjet intizomi, institutsional islohotlar va xususiy sektor faolligini yanada kuchaytirishga bog‘liq bo‘ladi. Davlatning fiskal siyosati, odatda, byudjet daromadlari va xarajatlari bilan bog‘liq texnik hujjat sifatida qabul qilinadi. Biroq 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya mazmunan bundan ancha keng qamrovlidir. U mamlakat iqtisodiyotining kelgusi uch yilda qaysi yo‘nalishda rivojlanishini belgilaydigan dasturiy hujjat hisoblanadi.
Hujjatning asosiy g‘oyasi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish bilan birga makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdan iborat. Bu ikki vazifani bir vaqtning o‘zida amalga oshirish esa oson emas. Agar davlat iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun xarajatlarni keskin oshirsa, inflyatsiya va byudjet taqchilligi kuchayishi mumkin. Aksincha, xarajatlar haddan tashqari cheklansa, iqtisodiy o‘sish sekinlashishi ehtimoli paydo bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan strategiya aynan ushbu ikki maqsad o‘rtasida muvozanat topishga harakat qiladi. Hujjatning birinchi muhim jihati – o‘rta muddatli rejalashtirish tizimini mustahkamlashidadir. Bu davlat xarajatlarini bir yillik emas, balki uch yillik istiqbolda boshqarish imkonini beradi.
Ikkinchi jihat – byudjet intizomini kuchaytirish. Davlat mablag‘larining samaradorligini oshirish, maqsadsiz xarajatlarni qisqartirish va investitsiya loyihalarini iqtisodiy samarasiga qarab tanlash byudjet barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Uchinchi muhim yo‘nalish – xususiy sektorga tayanish. Iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri sifatida davlat emas, balki xususiy biznes va investitsiyalar belgilangani bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos yondashuv hisoblanadi. Shu bilan birga, strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish bir qator omillarga ham bog‘liq. Birinchidan, davlat korxonalarini isloh qilish jarayoni kutilgan sur’atda amalga oshmasa, byudjetga yuk saqlanib qolishi mumkin.
Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni ijobiy baholab kelmoqda. Xususan, soliq tizimini soddalashtirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, bank sohasidagi islohotlar va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etilmoqda. Biroq xalqaro institutlar davlat ishtirokini qisqartirish, davlat korxonalarini isloh qilish, raqobat muhitini kuchaytirish va byudjet intizomini yanada mustahkamlashni muhim vazifalar sifatida ko‘rsatmoqda. Bu jihatlar Fiskal strategiyada ham o‘z aksini topgan.
Agar strategiyada belgilangan chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilsa, kelgusi yillarda quyidagi natijalarga erishish imkoni paydo bo‘ladi. Iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolish, xususiy sektor ulushini oshirish, inflyatsiyani maqbul darajaga tushirish, byudjet taqchilligini cheklash, davlat qarzining xavfsiz darajasini saqlash, eksport hajmini kengaytirish, aholi bandligi va real daromadlarini oshirishga erishish mumkin. Bu omillar mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishi va xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim yo‘l xaritasi hisoblanadi. Unda davlat moliyasini boshqarish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash o‘zaro bog‘liq holda ko‘rib chiqilgan.
Strategiyaning asosiy yutug‘i — qisqa muddatli natijalardan ko‘ra, uzoq muddatli barqaror rivojlanishga ustuvor ahamiyat berilayotgani.
Biroq har qanday strategiya kabi uning samarasi ham qabul qilingan qarorlarga emas, balki ularning amalda qanday ijro etilishiga bog‘liq. Davlat boshqaruvida shaffoflik, byudjet mablag‘larining samarali sarflanishi, xususiy sektor uchun teng raqobat muhiti va institutsional islohotlarning izchil davom ettirilishi mazkur hujjatda belgilangan maqsadlarga erishishning hal qiluvchi shartlaridir.
Agar ushbu vazifalar to‘liq amalga oshirilsa, Fiskal strategiya nafaqat davlat moliyasining barqarorligini ta’minlaydi, balki O‘zbekistonning yuqori daromadli iqtisodiyotlar qatoriga qadam tashlashi uchun ham mustahkam asos yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA