O‘zbekistonda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilmoqdami yoki qiz bolalar?
Mamlakatimizda aholi sonining barqaror o‘sishi va demografik dinamikaning ijobiy ko‘rsatkichlari saqlanib qolmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylari davomida O‘zbekistonda 373 389 ta tirik tug‘ilish holati qayd etildi.
Statistik tahlillar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar orasida o‘g‘il bolalar ulushi yuqoriroq ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, hisobot davrida 192,9 ming nafar o‘g‘il bola (51,7 foiz) va 180,5 ming nafar qiz bola (48,3 foiz) dunyoga kelgan. Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, tug‘ilishlarning asosiy qismi, ya’ni 51,0 foizi qishloq joylariga, 49,0 foizi esa shahar hududlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat bo‘yicha tug‘ilish koeffitsiyenti har 1 000 nafar aholiga nisbatan 19,6 tani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning mintaqadagi demografik jihatdan eng faol va yosh aholi salmog‘i yuqori davlatlardan biri bo‘lib qolayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hamroz Bayonov, O‘zA