“O‘zbekistonda investorlar uchun barcha sharoit mavjud” – Muhammad Jamil Al-Ramahiy
Investor fikri
O‘zbekiston energetika sohasi xalqaro sarmoyadorlar uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Tarmoqda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, aniq belgilangan strategik maqsadlar va investitsiya loyihalarining amaliy natijalari xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishini tobora oshirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida o‘tkazilgan Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishida nufuzli xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Ular orasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al-Ramahiy ham bor edi.
– Menimcha, ushbu uchrashuvning tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega. Prezident tashabbusi bilan tuzilgan kengash dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan xalqaro investorlarni bir maydonga jamladi. “Masdar” kompaniyasi O‘zbekiston bilan hamkorlikni islohotlarning ilk bosqichlaridanoq boshlagan edi. Bugun esa mamlakatingiz bozoriga boshqa ko‘plab yirik xorijiy sarmoyadorlar ham kirib kelayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuksak samara berayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, investitsiyalarni jalb etish borasidagi sa’y-harakatlar amaliy natijalar kasb etmoqda.
Investorlar uchun shaffof tartib-qoidalar, izchil davlat siyosati, aniq strategik maqsadlar va yangi imkoniyatlar juda muhim. O‘zbekistonda esa bu omillarning barchasi ta’minlangan. Bizning shu yerda ekanimiz va boshqa xalqaro sarmoyadorlarning ham mamlakatingiz bilan hamkorlikka intilayotgani fikrimga isbotdir. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotganimizdan mamnunmiz, – dedi Muhammad Jamil Al-Ramahiy.
Kompaniya rahbarining ta’kidlashicha, “Masdar” bugungi kunda energetika sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Xususan, elektr energiyasini yagona tarmoqqa samarali va barqaror yetkazib berish jarayonlariga sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish ustida tizimli ish olib borilmoqda.
– Biz elektr energiyasini tizimga yanada samarali uzatish maqsadida sun’iy intellektning eng ilg‘or yechimlariga faol sarmoya kirityapmiz. Hozirda O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikda aynan shu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Asosiy vazifamiz – eng maqbul texnologik yechimlarni aniqlash hamda ularni amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etishdan iborat, – dedi kompaniya rahbari.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA