Kelajak pensiya tizimlari qanday bo‘ladi?
Samarqand shahrida “Kelajak pensiya tizimlari: demografik o‘zgarishlar va raqamli transformatsiya sharoitida barqarorlikni ta’minlashning yangi yondashuvlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi, xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar xalqaro assotsiatsiyasi hamda xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar xalqaro assotsiatsiyasiga a’zo O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa davlatlarning pensiya ta’minoti bo‘yicha nufuzli ekspertlari ishtirok etmoqda.
Konferensiya ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar assotsiatsiyasi raisi Zyaki Mirzayev, iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Murodbek Atajanov so‘zga chiqib, anjumanning ahamiyati va unda muhokama etiladigan masalalar, tizim oldida turgan vazifalarga e’tibor qaratdi. Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston pensiya tizimidagi islohotlar haqida so‘z yuritildi.
– Bugun dunyo mamlakatlari demografik ko‘rsatkichlari, iqtisodiyoti va aholining turmush darajasi yil sayin o‘zgarib borayotgani fuqarolarning pensiya va ijtimoiy ta’minoti masalalariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda, – dedi xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar assotsiatsiyasi raisi Zyaki Mirzayev. – Bizning assotsiatsiyamiz ham iqtisodiyoti, aholining turmush tarzi bir-biriga yaqin bo‘lgan davlatlarga bu jarayonda o‘zaro tajriba almashish, mavjud qonunchilikni takomillashtirishda ko‘maklashish maqsadida to‘rt yil avval tashkil etilgandi. O‘tgan qisqa davrda oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish yo‘lida muayyan natijalarga erishdik, o‘zaro aloqalarimizni mustahkamladik. Bu kabi konferensiyalar ushbu yo‘nalishda oldimizda turgan vazifalarni belgilab olish, tajriba almashish va xalqaro ahamiyatga ega muhim masalalarni muhokama qilishga yordam bermoqda.
Shuningdek, tadbirda Xalqaro ijtimoiy ta’minot assotsiatsiyasi bosh kotibi Marselo Abi-Ramia Kayetano anjuman qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi.
[gallery-32187]
Shundan so‘ng konferensiyada demografik o‘zgarishlar, mehnat bozoridagi yangi tendensiyalar va ularning pensiya tizimlariga ta’siri, ijtimoiy ta’minot mexanizmlarining samaradorligi hamda kelgusi 5-10 yilda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga tayyorgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, aholining demografik tarkibidagi o‘zgarishlarni prognozlash, pensiya tizimlarini o‘rta va uzoq muddatli rejalashtirish hamda ijtimoiy ta’minot sohasida qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligini baholash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari