Biznes-ombudsman: tadbirkorlar foydasiga 233 milliard so‘m undirildi
Biznes-ombudsman devonida Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, aniqlangan qonunbuzilishlar va sohadagi tizimli muammolar muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar - sentabr oylarida Biznes-ombudsman devoniga 10 ming 740 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning qariyb 48 foizi bo‘yicha tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklangan.
Ko‘rilgan choralar natijasida tadbirkorlar foydasiga 233 milliard so‘m undirilib, 76 ta noqonuniy qaror bekor qilingan. Shuningdek, 1 274 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Hisobot davrida 34 ta nazorat qiluvchi organ tomonidan 143 mingdan ortiq tekshiruv o‘tkazilgan. Moratoriy joriy etilganidan keyin oylik tekshiruvlar soni qariyb uch barobar kamaygan.

Tadbirda tadbirkorlar uchun yangi yengilliklar, jumladan, tashqi reklama va yoritish uchun elektr energiyasiga qo‘llaniladigan uch barobar koeffitsiyentni bekor qilish hamda takroriy tekshiruvlarni Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkazish tartibini joriy etish takliflari ilgari surildi.
Shuningdek, «O‘zbekiston 24» telekanali bosh muharriri Ulug‘bek Rahmonqulov va «Sevimli TV» muharriri Dilfuza Esanova Jamoatchilik kengashi a’zoligiga saylandi.
Qayd etilganidek, mazkur chora-tadbirlar tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan.

O‘zA