O‘zbekistonda bioxilma-xillikni boshqarish bo‘yicha yagona ECODATA platformasi ishga tushirildi
28-iyul – Butunjahon tabiatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan Toshkent shahrida mamlakat bioxilma-xilligi va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga oid ma’lumotlarni yagona tizimda jamlaydigan ECODATA elektron geoaxborot platformasi rasman ishga tushirildi.
Yangi raqamli platforma ekologiya sohasidagi tarqoq ma’lumotlarni yagona bazaga birlashtirib, tabiiy merosni o‘rganish, monitoring qilish va muhofaza etishda zamonaviy axborot tizimi sifatida xizmat qiladi. Loyiha taqdimoti “Green University” huzuridagi Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit ilmiy tadqiqotlari markazida bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, platforma “Ma’lumot → tahlil → qaror” tamoyili asosida ishlaydi. Bu esa ekologik ma’lumotlarni nafaqat saqlash, balki vaqt o‘tishi bilan yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatish, hududlar kesimida taqqoslash, biologik turlar holatini tahlil qilish hamda boshqaruv qarorlarini ilmiy asosda qabul qilish imkonini yaratadi.

ECODATA platformasi Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik jamg‘arma (GEF) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida ishlab chiqildi.
Yagona tizim joriy etilgunga qadar ekologik ma’lumotlar turli manbalar va formatlarda saqlanib kelgani sababli ularni taqqoslash va tahlil qilishda qator qiyinchiliklar mavjud edi. Yangi platforma esa hayvonot va o‘simlik dunyosi, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, o‘rmonlar, suv havzalari, yaylovlar, tabiiy resurslardan foydalanish hamda ekologik monitoringga oid ma’lumotlarni yagona raqamli muhitda jamlaydi.

Bugungi kunda tizim 7 ta modul va 60 dan ortiq o‘zaro bog‘langan jadvaldan iborat bo‘lib, O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab olgan. Unda hayvon va o‘simlik turlari, jumladan, Qizil kitobga kiritilgan noyob turlar haqidagi ma’lumotlar, ularning tarqalishi, soni va muhofaza maqomi muntazam yuritib boriladi. Shuningdek, davlat qo‘riqxonalari, milliy bog‘lar, buyurtmaxonalar, o‘rmon va ovchilik xo‘jaliklari, baliqchilik xo‘jaliklari hamda ekologik turizm hududlari to‘g‘risidagi axborotlar ham yagona tizimda shakllantiriladi.
Platformaning yana bir muhim jihati — tabiiy hududlarda mobil modul orqali ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yig‘ish imkoniyati. Mutaxassislar kuzatuvlarni GPS koordinatalari va fotosuratlar bilan birga kiritishlari mumkin. Internet tarmog‘i mavjud bo‘lmagan holatlarda ham ma’lumotlar qurilma xotirasida saqlanib, aloqa tiklanganidan keyin avtomatik ravishda tizimga yuklanadi.

Fuqarolar ham mazkur platforma faoliyatida ishtirok etishi mumkin. Ular o‘simlik va hayvonlarga oid kuzatuvlarini yuborishlari, taqdim etilgan ma’lumotlar esa mutaxassislar tomonidan tekshirilishi ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA