ANORA platformasi doirasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamkorligida ANORA (Agrifood Investment Opportunities for Resilient Agriculture) platformasini amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan onlayn hamkorlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad platformani amaliy faoliyatga tatbiq etish, shuningdek, davlat idoralari, xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi N.Qo‘shnazarov hamda Loyiha ofisi vakillari O‘zbekistonda agrar oziq-ovqat tizimini transformatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari va sohadagi investitsiya ehtiyojlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Shuningdek, YeTTB va FAO Investitsiyalar markazi mutaxassislari ANORA platformasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, uni amalga oshirish mexanizmlari hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Muhokamalar davomida ANORA platformasi doirasida investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish, moliyaviy va texnik ko‘makni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashgan barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, platformani amalga oshirishning keyingi bosqichlari, ustuvor yo‘nalishlari va hamkorlik mexanizmlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA