O‘zbekiston va Janubiy Koreya qurilish sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Janubiy Koreyaning KDI — Koreya rivojlanish instituti vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Koreya hukumatining KSP (Knowledge Sharing Program) malaka oshirish va tajriba almashish grant dasturi, shuningdek, Koreya hukumati moliya institutlarini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda vazirlik mutasaddilari tomonidan qurilish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar va kelgusidagi vazifalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, KDI — Janubiy Koreyada keng qamrovli siyosiy tadqiqotlarni amalga oshiruvchi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri. Institut KSP grant dasturi doirasida dunyoning 100 dan ortiq davlatida turli loyihalarni amalga oshirgan.
O‘zbekiston mazkur hamkorlikda alohida o‘ringa ega. Xususan, 2004-yildan buyon mamlakatimizda Koreya grantlari asosida 26 ta loyiha amalga oshirilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA