Oqtepa kumush konida yirik investitsiya loyihasi jadallashmoqda
Namangan viloyatining Pop tumanidagi Oqtepa uchastkasida ayni kunlarda Ozarbayjon Respublikasi bilan hamkorlikda "Great Fortune International" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kumush konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘rganish davomida qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tezkor barpo etish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda sarmoya loyihasini amaliy bosqichga o‘z vaqtida olib chiqish muhim ekanligiga e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi hududlardagi o‘rganishlar chog‘ida olib borilayotgan loyiha ishlari bilan yaqindan tanishdi. Unda yirik loyihaning bugungi kundagi bajarilish holati, qurilish-montaj ishlarining sur’ati, ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etish jarayonlari hamda kelgusi rejalar yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi.

Umumiy qiymati 50 million AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur investitsiya loyihasi to‘liq ishga tushgach, konda sutkasiga ikki ming tonna, yiliga esa 700 ming tonna ma’danni qayta ishlash quvvati yaratiladi.
Qolaversa, loyiha doirasida 1000 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi, har yili 50 million dollar miqdorida eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa hududning eksport salohiyatini oshirish, sanoat tarmog‘ini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini ta’minlashga turtki beradi.

Viloyat rahbari alohida qayd etganidek, mazkur loyiha Namangan viloyatining sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, qimmatbaho metallar zaxiralaridan samarali foydalanish, eksport hajmini ko‘paytirish va hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha turtki berishga xizmat qiladigan strategik ahamiyatga ega sarmoya loyihalaridan hisoblanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.