902 ta xalqaro standart qabul qilindi
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi raisi Azamat Pardayev, kengash a’zolari, Agentlik hamda O‘zbekiston standartlar instituti mas’ullari ishtirok etdi. Unda standartlashtirish tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqotni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan 2 ming 476 ta standart foydalanish uchun yetkazib berildi. Shuningdek, 616 ta standart loyihasi ekspertizadan o‘tkazilib, 980 ta standart milliy axborot tizimining Standartlar fondi moduliga joylashtirildi.
Milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish darajasi 47 foizga yetkazildi. 902 ta xalqaro standart asl tilida qabul qilindi.

Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish, milliy standartlarni xalqaro talablarga yaqinlashtirish hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun zamonaviy standartlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Standartlashtirish tizimida malakali kadrlar tayyorlash va mutaxassislar salohiyatini oshirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lmoqda. Hisobot davrida 2 ming 241 nafar mutaxassisning malakasi oshirildi. Natijada reja 149,4 foizga bajarildi. Shuningdek, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida faoliyat yuritayotgan 1 ming 131 nafar mutaxassis attestatsiyadan o‘tkazildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida ham muayyan natijalarga erishildi.
Yig‘ilishda 2026-yil yanvar–sentabr oylariga belgilangan KPI ko‘rsatkichlari ham atroflicha muhokama qilindi. Xususan, xalqaro va Yevropa standartlarini qabul qilish, standartlar fondini muntazam yangilab borish, ma’nan eskirgan standartlarni bekor qilish, mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda xizmatlar eksportini kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA